Ayollarning erkaklarga yoqmaydigan 7 odati

16:21, 22 iyun

Hurmatli ayollar! Nima yoki qanday vaziyat erkaklarning jahlini chiqarishi mumkin, deb o`ylaysiz? Tashqi ko`rinishingizga e`tiborli bo`lishga, mazali taomlar pishirish va yana bir qancha ishlarga ulgurishga urinasiz-u, birgina ahamiyatsiz tuyilgan kichik narsa umr yo`ldoshingiz ko`z o`ngida barcha urinishlaringizni chipakka chiqarib qo`yishi mumkin. Buni bilishni istasangiz, fe`l-atvoringiz ko`zgusiga boqib, tegishli xulosalar chiqarishga harakat qilib ko`ring.

Qo`pollik

Qo`pol va shartaki, baland ovozda baqir-chaqir qilib, ko`p gapirishni xush ko`ruvchi ayollar hech bir kishida yaxshi taassurot qoldirmay, balki nafrat uyg`otishi sir emas. Oila boshliqlari o`z yonlarida vazmin, oqila, xushmuomala, kishilar e`tiborini bo`lar-bo`lmas gaplar bilan tortishmaydigan hamroh ko`rishni istashadi.

Me`yoridan ortgan rashk

Barchamiz ertami-kechmi turli xil sabablarga ko`ra yaqinlarimizni rashk qilishimiz, qizg`anishimiz tabiiy. Garchi o`ta rashkchi bo`lsangizda, farosat va oqilalik bilan ish tuting, buni turmush o`rtog`ingizga bildirmang. Rashk erkaklarning g`ashiga teguvchi holat. Avvaliga rashkingiz ularga yoqadi. Ammo rashk ta`qib vasvasasiga aylangach, o`z juftingizni yo`qotish yoki o`zingizdan ko`nglini qoldirish xavfini tug`dirasiz. Erkaklar shunday kishilarki, stressli vaziyatlarga toqat qilisholmaydi. Ayollar esa sabablarni topib, sabr va bardosh qila olishadi.

Yana ba`zi mayda-chuydalar haqida…

Hech qachon umr yo`ldoshingizga ko`ylak, sumka yoki pardoz vositangizni qanchaga olganingiz haqida gapirib o`tirmang. Buning unga nafaqat qizig`i yo`q, balki yoqmasligi ham mumkin. Umuman, ayollar nuqtai nazaridan qaraganda ham, har doim sirli bo`lib qola olishingiz lozim. Shu sababli, o`z tashqi qiyofangizni yaratishga qanday erishganingizni hech kim bilmay qo`ya qolsin.

Ashulachilik san`ati

Kuylashni yoqtirasizmi? Juda soz! Oshxonada, hovlida yoki balkonda kuylang. Faqatgina «ijro san`atingizni» umr yo`ldoshingizdan uzoqroqda namoyish eting. Ayniqsa, atrofdagilarga manzur bo`luvchi xush ovozga ega emasligingizni sezsangiz. Ma`lum bo`lishicha, aksariyat erkaklarga xonimlarning baland ovozda xirgoyi qilishlari xush kelmas ekan. Agar juda ham kuylagingiz kelsa, musiqiy markazni balandlatib, ashulaga jo`r bo`lishingiz mumkin. Siz o`z xirgoyingizdan bahramand bo`lasiz, boshqalar esa bundan aziyat chekishmaydi.

Munozara va tortishuvlar

Uyingizga qanday rangli mebel jihozlari, darpardalar tanlash borasida o`z fikringizni bildiring, asoslar keltiring va munozara qiling. AMMO! HECh QAChON turmush o`rtog`ingiz sizdan ko`ra ancha yaxshi bilgan mavzuda bahslashmang. Uning achchig`ini keltirmang. Erkaklar chempionlar ligasida penaltini nohaq belgilashganini naq bir soat davomida isbotlashga urinishni aslo yoqtirishmaydi.

Tarbiyalash

Erkaklar erkinlikni yoqtirishadi. Ular o`zlarini kuchli va jasur hisoblashadi. Bu sizga sir emas, shunday ekan, turmush o`rtog`ingizni tarbiyalashga, pand-nasihat qilishga urinmang. Oqila ayolning boshqalardan farqi shundaki, umr yo`ldoshining qabul qilgan qarorlarida biroz «xizmatlari» bo`lsa-da, buni bildirmaydi va uning hurmatini joyiga qo`yadi.

Haddan tashqari sergaplik

Hatto telefon orqali dugonangiz bilan ko`proq suhbatlashib yuborishingiz ham turmush o`rtog`ingizning g`ashiga tegishi mumkin. U behuda mashg`ulot uchun qanday qilib shuncha vaqt sarflash mumkinligini hech tushunolmaydi. Axir bunday suhbatlashish jarayonida muhim axborot uzatib bo`lmaydi-ku!

Manba: Beka.Uz

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!