Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi

11:36, 23 iyun

Poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da 22 iyun kuni O`zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik va istiqbolli loyihasi ijrosi – Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari mazkur g`oyat ulkan loyihaning amalga oshirilishi O`zbekiston uchun katta yutuq, muhim va unutilmas tarixiy voqea ekanini alohida ta`kidladi.

Qurilish davomida O`zbekiston va Xitoy quruvchilari, muhandislari, mutaxassislari ahil hamkorlikda mehnat qilib, yuksak kasb mahoratini namoyon etdi. Ushbu inshoot eng yuksak xalqaro normalarga javob beradi va jahon amaliyotida noyob loyihadir. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`lining ishga tushirilishi yuk tashish bo`yicha vaqt va mablag` tejash imkonini beradi, shuningdek, tranzit, ishlab chiqarish va infratuzilma salohiyatini keskin oshiradi, O`zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, dedi Prezidentimiz.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l tizimida harakatlanadigan “O`zbekiston” yo`lovchi poezdining Qamchiq tunnelidan o`tishiga ruxsat beruvchi semaforni yoqish uchun maxsus tugmani bosdilar...

Temir yo`l transporti barcha davlatlar iqtisodiyotining asosiy qon tomiri hisoblanadi. E`tiborlisi, temiryo`lchilarimizning kuch-g`ayrati bilan keyingi yillarda 1 ming 200 kilometrdan ziyod yangi temir yo`l tarmog`i barpo etildi, 3 ming 800 kilometrlik yo`l modernizasiya qilindi va qaytadan ishga tushirildi, qariyb 1100 kilometrlik temir yo`l magistrallari elektrlashtirildi. Natijada temir yo`llarning umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga etdi va ular mamlakatimizning barcha mintaqalarini qamrab olish imkoniga ega bo`ldi.

O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida eng qisqa temir yo`l tarmog`ini barpo etish o`zaro iqtisodiy va transport sohasidagi hamkorlikning dolzarb strategik yo`nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta`minlaydi. Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`lining barpo etilishi bu borada “ko`prik” vazifasini o`taydi. “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “China Railway Tunnel Group” kompaniyasi hamkorligida bunyod etilgan tunnel qurilishiga umumiy qiymati 455 million dollarlik mablag` yo`naltirildi.

Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni orqali o`tgan Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasining ishga tushirilishi Farg`ona vodiysi viloyatlari va mamlakatimizning boshqa hududlari o`rtasida temir yo`l orqali yuk va yo`lovchi tashish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Evropa yangi xalqaro tranzit temir yo`l koridorining eng muhim bo`g`ini bo`lib xizmat qiladi.

Bunyodkorlik ishlarida “China Railway Tunnel Group” kompaniyasining mingdan ziyod ishchi-mutaxassislari, uch mingdan ziyod temiryo`lchilarimiz, uch yuzdan ortiq elektrmontajchi ishtirok etdi. Mohir quruvchilar 32 oy mobaynida murakkab tabiiy sharoitlarda – yoz jaziramasida ham, qishning qahratonida ham ishni bir me`yorda olib bordi. Bu o`z samarasini berdi.

Uzunligi 123,1 kilometr bo`lgan Angren-Pop temir yo`lining Qamchiq dovonidan o`tgan qismida 19,2 kilometrlik tunnel ochildi. Tunneldan tashqari bu erda 43 million kub metr tuproq, 16,3 million kub metr burg`ulash, portlatish ishlari bajarildi. Shuningdek, 285 sun`iy inshoot va suv o`tkazish quvurlari, umumiy uzunligi 2,1 kilometr, o`rtacha balandligi 25 metrlik 15 temir yo`l ko`prigi va 6 yo`l o`tkazgich barpo etildi. 4 stansiya, 4 raz`ezd va 2 vokzal qurib bitkazildi, 2 nim tortish stansiyasi qurildi. Umumiy qiymati qariyb 1 milliard 635 million dollarlik mablag`ga teng bo`lgan mazkur ulkan loyiha doirasida temiryo`lchilar uchun o`nga yaqin turar joy binolari barpo etildi.

Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo`li mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligining yanada yuksalishida alohida ahamiyat kasb etadi. Buni mutaxassislarning quyidagi tahlillari ham tasdiqlaydi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur temir yo`l orqali shu yilning o`zida 600 ming yo`lovchiga xizmat ko`rsatish mumkin. Qurilish davrida 4 ming kishi ish bilan ta`minlangan bo`lsa, temir yo`ldan doimiy foydalanila boshlagach, yana 1,5 ming yangi ish o`rni yaratiladi.

Ayni paytda qurilish ishlarining murakkabligi bo`yicha dunyoda sakkizinchi, uzunligi jihatidan o`n uchinchi, MDH mamlakatlari orasida yagona bo`lgan Qamchiq tunneli Toshkent viloyati bilan Namangan viloyati o`rtasida robita vazifasini o`taydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!