Erkak xotinidan zerikkanini anglatuvchi 12 belgi

11:47, 23 iyun

Ba`zi oilalarda er-xotin munosabatlarining sovishi kuzatiladi. Buning o`ziga xos sabablari bor, albatta. Ushbu maqolamizda o`sha sabablarni, ya`ni, erkaklarning o`z ayolidan zerikishi, sovishining ba`zi belgilarini yoritishga harakat qildik. Ayol kishi eridagi o`sha o`zgarishlarni darrov payqab, ularni bartaraf etish chorasini ko`rishga harakat qilishi lozim. Aks holda bu sovish chuqurlashib borib, o`rta butunlay buzilishi, oxir oqibat o`sha oila inqirozga yuz tutishi mumkin. Shuning uchun ayollar bu borada hushyor bo`lishlari lozim.
O`z o`rnida erkaklar ham o`z ayollarida quyida zikr qilinadigan belgilardan birortasini sezsalar, bu muammodan qutulish yo`lini izlashlari lozim bo`ladi. Toki oilalar buzilmasin, aksincha, er-xotin bir-biriga mehrli, iltifotli bo`lib, oilalari mustahkam, turmushlari obod bo`lsin.
Shunday qilib, mazkur alomatlar quyidagilar:

1. Er ayoli bilan birga o`tirganda hech gaplashmay, jim o`tirishi.
2. Ayoli biror ishni chiroyli qilib, tezda bajarsa ham, uni rag`batlantirishga, ko`nglini ko`tarishga urinmay, beparvo bo`lishi.
3. Xotinining qilgan ishlarini ko`p tanqid qilib, turli ayblar topishi.
4. Xotinining arzimas, kichik xatolarini ham kattalashtirib gapirishi.
5. Xotin o`z ota-onasini ko`rgani borib, u erda uzoq qolib ketsa ham parvo qilmasligi.
6. Er og`aynilari bilan ko`chaga hadeb chiqib ketaverib, uyida, ayolining yonida juda kam bo`lishi.
7. Er uyida bo`lganda ham ayoli bilan gaplashmay, hadeb televizor ko`rishi yoki kompyuter yonida uzoq o`tirib, internet bilan band bo`lishi.
8. Xotinining sarf-xarajatlariga pul sarflashni xohlamasligi yoki juda oz miqdorda sarflashi.
9. Uyda bo`lgan kezlarida ayolining yuziga hech nazar solmasligi.
10. Xotiniga faqat jinsiy aloqa vaqtidagina e`tibor qaratishi.
11. Er ayoliga o`zining charchaganligini, toliqqanligini hadeb oshkora aytaverishi.
12. Ayolining bergan savollariga javob bergisi kelmasligi…

Xo`sh, erkak nega ayolidan bezadi? Ba`zi erkaklar ayolining xulqi yomonligi uchun yoqtirmay qolsa, ba`zilari ayolidagi jasadiy kamchiliklar sababli yoqtirmay qoladi. Nikohdan oldin bo`lajak turmush o`rtog`i bilan uchrashuvga chiqqanda, qiz uning ko`ziga juda chiroyli, tengi yo`q, bir so`z bilan aytganda ideal juft bo`lib ko`rinadi. To`y o`tgandan keyin esa, uchrashuv paytida sezilmagan undagi ayrim kamchiliklar, nomutanosibliklar ko`zga tashlana boshlaydi.
Deyarli barcha qizlar uchrashuvga chiqqanlarida o`zlaridagi qusurlarini, xulqiy kamchiliklarini yashirishadi. Komil inson bo`lib ko`rinishga harakat qilishadi. Natijada, to`ydan keyin ko`p o`tmay yigit qizning asl “yuz”ini ko`rgandan so`ng undan soviy boshlaydi. Ayrim oilalarda bu sovish ajralish, taloq bilan nihoyasiga etadi. Ba`zi erkaklar esa taqdirga tan berib, o`sha juftlari bilan bir umr chidab yashashga qaror qilishadi.
Xotin o`z eriga uncha e`tibor bermasligi, uning xohishlari bilan hisoblashmasligi, bo`lar-bo`lmasga erini pul sarflashga majbur qilib, uni noqulay ahvolga solishi, itoatsizlik qilishi ham erning sovishiga sabab bo`ladi.
Er o`z ayolining ko`chalarda, bozorlarda yurganida kelishgan yigitlarga baqrayib, yomon ko`z bilan qarashini yoki televizorda chiqadigan xushbichim, chiroyli erkaklarga suqlanib nazar solishini sezib qolsa ham ayolidan ko`ngli sovib, undan butunlay muzlab qolishi mumkin.
O`z o`rnida shuni aytib o`tish kerakki, yuqorida keltirilgan alomatlar ayolda sezilishi, er ayolidan emas, aksincha, ayol eridan zerikkan, sovigan bo`lishi mumkin. Shuning uchun mazkur alomatlarga erkaklar ham e`tiborli bo`lishlari, xotinlarida ulardan birortasi sezilsa, darhol uning chorasini axtarishlari kerak. Ayolning eridan zerikishiga yuqoridagidek, uchrashgan yigiti to`ydan keyin u qadar ideal bo`lib chiqmagani, unda ham turli kamchiliklar, nomunosibliklar borligi sabab bo`ladi. Bundan tashqari er ayolining yonida begona ayol-qizlarga tikilib qarashi ham ayolining sovishiga olib keladi.
So`zimiz nihoyasida Yaratgandan yurtimizdagi har bir oila mustahkam bo`lishini, turmushimiz yanada obod, hayotimiz bundan ham farovon bo`lishini so`raymiz.

Manba: Ayol.uz

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!