GM Uzbekistan zavodning to`xtatilgani va xodimlarning qo`lga olinganligi to`g`risidagi xabarlarga aniqlik kiritdi

14:48, 23 iyun

“Jeneral Motors Uzbekistan” AK Matbuot xizmati Pragada joylashgan Ozodlik radiostansiyasi tarqatgan Andijon viloyatidagi avtozavodning faoliyati to`xtatilgani va qo`shma korxona xodimlarining qo`lga olinganligi to`g`risidagi xabarni rad etdi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.

“Biz rasman “Jeneral Motors Uzbekistan” AK xodimlarining qamalganligi to`g`risida Ozodlik radiostansiyasi tarqatgan xabarni noto`g`riligi uchun rad etamiz”, deydi O`zbek-Amerika qo`shma korxonasi matbuot xizmati.

“Ming afsuski, Ozodlik radiostansiyasi umuman haqiqatga to`g`ri kelmaydigan xabarlarni tarqatib, jamoatchilikni chalg`itmoqda”, deb ta`kidlanadi xabarda.

Hozirgi vaqtda Asakadagi avtozavod kundalik tartibda o`z ish faoliyatini davom ettirayotganligi, eksport bozoridagi inqiroz milliy avtomobil savdosiga katta ta`sir ko`rsatganligini kompaniya tan olib, ammo bu Asaka avtozavodi faoliyatiga ta`sir qilmaganligini bildirgan.

Matbuot-xizmati shuningdek, avtomobillarni ichki bozorda realizasiya qilish “sxemasi” bo`yicha noqonuniy ravishda eksport uchun jo`natilgan avtomobillarning O`zbekistonga qaytarib yuborilganligi, qo`shni davlat chegara hududlarida avtomobillar turib qolganligi to`g`risidagi xabarlarni ham qat`iy rad etdi.

“Bu yolg`on xabar orqali nafaqat “Jeneral Motors Uzbekistan” AK va uning xodimlari, balki O`zbekiston respublikasining boshqa davlat tashkilotlari, ya`ni Davlat bojxona qo`mitasi, Davlat soliq qo`mitasi, Davlat chegarasini qo`riqlash qo`mitalari, banklar va boshqa tashkilotlar ham asossiz qoralangan. Bunday sxema orqali yuqorida nomlari keltirilgan davlat idoralari chegaradosh davlatlarning ishtirokisiz biror ishni amalga oshira olmaydi, chunki barcha moliyaviy eksport-import operasiyalari milliy bojxona qo`mitasida qayd etilib, O`zbekiston bank tizimi orqali amalga oshiriladi”, deyiladi matbuot-xizmati xabaridi. 

Ommaviy-axborot vositalarning jamiyatimizda tutgan o`rnini hisobga olgan holda, “Jeneral Motors Uzbekistan” AK kompaniyasi jurnalistlarni maqola tayyorlayotganda jurnalistik etika qonun-qoidalariga rioya etishga, har bir yozayotgan maqoladagi faktlarni asoslab, yolg`on xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!