O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vladimir Putin bilan uchrashdi

11:39, 24 iyun

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23 iyun kuni Ko`ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun O`zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Islom Karimov Vladimir Putin bilan muloqot chog`ida ushbu uchrashuv O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi o`zaro va ko`p tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomi, ikki mamlakat strategik sheriklikni rivojlantirish yo`lidan borayotganining yaqqol namoyoni ekanini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda 2016 yil aprel oyida Moskvada o`tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari o`zaro hamkorlik rivojiga yangi sur`at bag`ishlagani qayd etildi.

Prezidentlar O`zbekiston – Rossiya munosabatlariga doir keng ko`lamli masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Vladimir Putin O`zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi davrida amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berdi. ShHT sammiti asnosida bo`ladigan muzokaralar barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik ko`lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!