Sibirlik ayol sobiq eriga jahl qilib farzandlarini o`ldirmoqchi bo`ldi

12:32, 24 iyun

Krasnoyar o`lkasining Nijnyaya Poyma qishlog`ida yashovchi ayol sobiq eriga jahl qilib, ikki nafar yosh bolasini o`ldirishga harakat qilgan, deb xabar qildi “RIA Novosti” nashri.

Tergovning dastlabki taxminiga ko`ra, ayol spirtli ichimlik ta`sirida sobiq erining ishxonadagi rahbariga qo`ng`iroq qilib, bolalarini o`ldirishga qaror qilganini bildirgan va go`shakni katta o`g`liga bergan. Bola yig`lab, onasi uni bo`g`ayotganligini aytgan va yordam so`rab baqirgan.

Erkak uyga kelganda, eshik yopiqligidan ichkariga kirolmagan. Ayol deraza orqali kichkina o`g`lini ko`rsatib, bo`g`ib o`ldirmoqchi ekanligini, katta o`g`lini o`ldirganligini ma`lum qilgan. Birozdan keyin etib kelgan polisiya xodimlari eshikni buzib kirib, bo`yniga arqon solib dorga tortilish arafasida bo`lgan bir yarim yoshli bolani qutqarib qolgan.

“Ayolning katta farzandi behush bo`lgani sababli kasalxonaning jonlantirish bo`limiga yotqizildi. Kichkinasi esa qutqarib qolindi, ayolning o`zi esa divan orqasiga berkinib olgan. Tibbiy xulosaga ko`ra bolalarning tanasidan kaltakdan keyingi jarohatlar, bo`ynidan esa arqonning izlari topilgan”, deyiladi xabarda.

Ayni paytda ayol qo`lga olingan, unga nisbatan qasddan ikki odamni o`ldirish aybi qo`yilib, jinoiy ish qo`zg`atilgan. Ayol o`zining bu holatini “Tashlab ketgan erimdan qasd olmoqchi bo`ldim” deb ta`riflagan.

Hudud huquq-tartibot idorasining bergan ma`lumotiga ko`ra, hozirgi paytda bolalarning ahvoli qoniqarli darajada, ularning hayoti xavf ostida emas. Ayol ilgari nojo`ya xatti-harakati tufayli polisiya e`tiborini tortmagan, unga nisbatan qoralovchi hujjatlar mavjud bo`lmagan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!