Gran-pri sovrini 10 million bo`lgan “Yangi ovozlar” teletanlovi e`lon qilindi

10:58, 25 iyun

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tashabbusi bilan “Yangi ovozlar” teletanlovi e`lon qilindi.

Tanlov O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O`zbeknavo” estrada birlashmasi, “O`zbekkino” milliy agentligi hamda Yoshlar madaniyat va san`at markazi davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tanlov 18-30 yoshdagi havaskorlar va professional tayyorgarlikka ega bo`lgan ishtirokchilar o`rtasida televizion tanlov shaklida o`tkaziladi.

Tanlovning asosiy maqsadi mamlakatimizdagi yoshlarning xonandalik yo`nalishidagi iste`dodini namoyon etishi uchun ijodiy maydon yaratish, ularning mahoratini oshirish, jahon va o`zbek milliy xonandaligi an`analarini targ`ib qilish va rivojlantirish, yangi mahoratli ovoz sohiblarini, shuningdek, turli janrlar va chet tillarida kuylay oladigan iste`dodlarni izlab topish hamda ularni professional san`atga jalb etish hisoblanadi.

Tanlov doirasida ishtirokchilarning kuylash uslubi va repertuarini o`zgartirmagan holda, iste`dodini katta sahnaga eng taasurotli ko`rinishda olib chiqish, yosh iqtidorlarni saralash hamda ularni munosib tarzda rag`batlantirish va doimiy qo`llab-quvvatlash tanlovning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Tanlov ishtirokchilari tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Birinchi bosqich uchun:

- elektron ariza (anketa)lar;

- ijodiy ishi “mp3” qo`shiq yoki “mp4”, “MPG”, “AVI” video formatlarda.

Ikkinchi bosqich uchun:

- pasport nusxasi;

- ijro dasturi;

- badiiy foto 4 dona (elektron shaklda va qog`ozda chiqarilgan);

- ishtirokchining to`liq ko`rinishi tushirilgan foto.

Tanlovning ikkinchi bosqichi g`olibi (Gran-pri) va 1-, 2-, 3-o`rin sovrindorlari tashkilotchilar va homiylar tomonidan tanlov statuetkasi, diplom, pul mukofoti hamda esdalik sovg`alar bilan, faol ishtirokchilar esa fahriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.

Gran-pri – 10 000 000 so`m

1-o`rin – 7 000 000 so`m

2-o`rin – 5 000 000 so`m

3-o`rin – 3 000 000 so`m

Tanlov g`oliblarining ijodiy faoliyati tashkilotchilarning ovoz yozish studiyalarida bepul yozib beriladi, ijodiy faoliyati O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining tele va radiokanallari, tashkilotchi hamda hamkorlarning internet saytlari va bosma nashrlari orqali keng jamoatchilikka targ`ib qilinadi.

Hujjatlar joriy yilning 1 iyuliga qadar Yoshlar madaniyat va san`at markazida yoki tanlovning maxsus veb-sayti yangiovoz.uz hamda yoshlarmarkazi.uz saytlari orqali qabul qilinadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!