Xonanda Alijon Isoqov avtohalokatga uchradi (Foto)

17:39, 27 iyun

Xonanda Alijon Isoqov avtohalokatga uchradi. Hodisa natijasida xonandaning Toyota Land Cruiser Prado avtomobili jiddiy zarar ko`rdi, avtomobil ichida bo`lganlar tan jarohati olgan.

Voqeadan xabar topgan “Daryo” nashri xonanda bilan bog`lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi.

Sizni avtohalokatga uchradi degan noxush xabarni eshitdik.
— Ustoz san`atkor, xonanda Ahror Usmonov ellik yoshga to`lganliklari munosabati bilan ularning uylarida mehmon bo`ldik. U erga Samarqanddan, Navoiydan, vodiydan mehmonlar kelgan edi. Bilasiz, hozir to`ylar yo`q, hamma san`atkorlar dam olyapti. Biz ham yaxshi niyat bilan vodiylik, uzoqdan kelgan mehmonlarimizni ko`nglini olish uchun, toqqa chiqib, oilaviy dam olmoqchi edik. Soat ikki yarimlarda Ahror akani uyida yig`ilgan bo`lsak, menimcha, soat uch yarimlarda avtohalokat sodir bo`ldi.

Avtohalokat qanday yuz berdi? Jarohatlanganlar bormi?
— Rohatga bordim, Rohatdan Chorvoq yo`liga ko`prikni aylanib tushganimdan so`ng, Ahror aka: «Mashinangiz juda yaxshi ekan, kelinoyingizga shunaqa moshina olib beramiz, ularga ham mashinangiz juda yoqdi», dedilar. Shunda kelinoyim: «Mashinangizni o`zim minib, boshqarib ko`ray», deb so`radilar. «Hozir post bor, postdan o`tib olaylik, undan so`ng bemalol boshqarib ketaverasiz», dedim. Ahror aka: «Hamma hujjatlar joyida-ku, kelinoyingizda ham haydovchilik guvnomasi bor, mashinanning egasi siz bo`lsangiz, sizning ham hujjatlaringiz joyida bo`lsa», deganlaridan keyin, rulni kelinoyimga berib, o`zim haydovchi o`rindig`ining orqa tomonidagi o`rindiqqa o`tirdim. Mashinada men, Ahror aka, ularning turmush o`rtog`i, uch qizalog`i va shogirdi — jami etti kishi bor edi. Mening oilam boshqa mashinada kelayotgan edi. G`azalkentga etganimizda to`satdan to`s-to`polon boshlanib ketdi, bu orada kelinoyim rulni o`ziga bo`ysundira olmay, mashina ag`darilib ketdi.

Kimlar jarohatlandi?
— Biz mashinada etti kishi bo`lgan bo`lsak, Xudoga shukr, barchamiz sog`-salomatmiz. Tan jarohati olganimiz rost. Ahror aka va men qo`ldan, kelinoyim esa oyog`idan lat edi. Biz boshqa mashinalarga urilmadik, bordyurga — beton to`siqqa urilganidan so`ng mashinamiz ag`darilib ketdi. Xudoga shukrki, hammamizning jonimiz omon.

Hozirda ahvolingiz qanday?
— Xudoga shukr, hozir sog`lig`im yaxshi, nasib qilsa, Hayitgacha ko`rmagandek bo`lib ketaman. Xalqimizning, muxlislarimizning duosi bizni asragan bo`lsa kerak, deb o`ylayman. Bo`lgan voqeadan jonimiz sog`-omon chiqqanidan xursandman. Muxlislarimiz bilan kelishib qo`ygan to`ylarga, kelishilganidek boraman, albatta.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!