Yo`l-transport hodisasi oqibatida halok bo`lgan mashhurlar

10:00, 28 iyun

Katta tezlik hayotiga nuqta qo`ygan 10 nafar mashhur bilan sizlarni “Sosmo.ru” nashri tanishtiradi.

Pol Uoker
2013 yil 30 noyabrda halok bo`lgan

Pol Uokerning vafot etganiga uning yaqinlari ham, muxlislari ham ishonmadi. Chunki “Forsaj” filmida qiyin tryuklarni mustaqil amalga oshirgan odam, qanday qilib, avtofalokatga uchrashi mumkin? 
Aktyor Fillipinda tayfundan halok bo`lganlar xotirasiga bag`ishlanib o`tkazilayotgan xayriya avtoshousi vaqtida halok bo`lgan. Rulda do`sti Rodjer Rodas bo`lgan, mashina tezlikda kelib, simyog`ochga urilib, yonib ketgan, ularning qutulish imkoni mavjud bo`lmagan. Aktyor o`limi oldidan uni mashhur qilgan “Forsaj”ning ettinchi filmida suratga tushishni boshlagan edi. Ammo u suratga tushish ishlarini nihoyasiga etkaza olmagan. 

Jeyms Din
1955 yil 30 sentyabrda halok bo`lgan

Jeyms Din 24 yoshida halokatga uchraganiga qaramay, 1950-yillar madaniyatiga o`z hissasini qo`shishga ulgurdi. Uning soch turmagi va bakenbardidan namuna sifatida bir qancha filmlarda foydalanilgan. 

Jeymsning o`limida ko`pchilik uning avtomobilini aybladi, bu haqda turli mistik afsonalar yuzaga keldi. U o`limi oldidan yangi “Porshe” sport avtomashinasini sotib olgan va bir daqiqaga bo`lsin undan ayrilishni istamagan, undan hayratlanishdan to`xtamagan. Aktrisa Ursula Anders va aktyor Alek Ginness xuddi falokatni sezganday, uni yo`ldan qaytarmoqchi bo`lishgan, ammo u hech kimga quloq solmay, rulga o`tirgan. Kaliforniyada ro`parasidan kelayotgan avtomashinaga urilib, halok bo`ladi. Mashina esa pachoqlanib ketadi.  

Aktyor halok bo`lgandan keyin uning mashinasini muxlis qizlardan biri sotib olib, ta`mirdan chiqaradi. Ilk marotaba rulga o`tirgan qiz manziliga etolmay, YTH ga uchraydi va u ham halok bo`ladi. Bu voqeadan keyin mashina qayta ta`mirlanmagan. 1960 yilda “Porshe” Los-anjelesdagi ustaxonalardan biriga olib kelinganda, o`z-o`zidan yo`qolib qolgan.

Greys Kelli
1982 yil 14 sentyabrda halok bo`lgan

Mashhur dramaturg Jorj Kellining qizi Greysni bolaligidan boshlab, Gollivud o`ziga jalb etgan edi. U aslzlda oilaning qizi bo`lishiga qaramay reklamalarni suratga olishda ter to`kib mehnat qilardi. “Mogambo” filmidagi roli uchun “Oskar”ga nomzodlik qilib, keyinchalik Alfred Xichkokning ilhom parisiga aylandi. Bu narsa uning hayotini tubdan o`zgartirdi, Greys nafaqat Gollivud malikasiga, balki Monako knyaginyasiga aylanishiga ham sabab bo`ladi. U Xichkokning Fransiya janubida suratga olinayotgan filmi jarayonida Monaka knyazi Rene III bilan tanishadi. “O`g`rini tutish” filmi suratga olinib bo`lgandan keyin Greys knyazga turmushga chiqib, kinoni tark etadi. Ammo umrining oxiriga qadar bag`rikeng va olijanob knyaginya nomini saqlab qolgan.  

Greys Kelli ilonizi yo`ldan avtomobil boshqarib ketayotganda yuragi xuruj qiladi va oqibatda mashina tog`dan pastga qulaydi. Halokat paytida yonida bo`lgan kichik qizi Stefaniyaning bo`yni qayrilsa-da, tirik qoladi, Greys esa bir kundan keyin kasalxonada vafot etadi. Greys Kellining dafn marosimida malika Diana ham qatnashadi, oradan 15 yil o`tgach, uning o`zi ham avtohalokatda halok bo`ladi.   

Diana
1997 yilning 31 avgustida halok bo`lgan

Zamondoshlari uchun malika Diana insoniyat doimo intiladigan ruhiy madadkor vazifasini o`tagan. U dindor, shoulari bilan stadionlarni to`ldiradigan, siyosiy hukmronligi bilan  olamni zir titratidigan odam bo`lmasa-da, mehribonligi, rahm-shafqati bilan hammaga o`rnak bo`lgan.

U bundan 20 yillar ilgani Parij yaqinida misrlik millioner Dodi al-Fayodning o`g`li bilan birga avtohalokatda halok bo`lgan. Taxminlarga ko`ra haydovchi Andri Pol er osti yo`lida mashina haydab ketayotib, boshqaruvni yo`qotgan. Hozirgacha bu falokatning aniq sababi aniqlanmagan, uni fitna, haydovchi mast bo`lgan, malikani ta`qib qilgan paparassilardan qochgan degan farazlar ilgari surilgan. Halokatda faqatgina Trevor Ris-Jons ismli tan qo`riqchi tirik qolgan. U og`ir yaralangan va xotirasini yo`qotgan.

Diana shahzoda Charlz bilan ajrashgani tufayli uning dafn marosimida xalqning xayrlashuvi shart bo`lmaydi. Ekaterina II  ham o`g`li bilan ajrashganligi uchun kelinini u darajada yoqtirmagan. Shunga qaramay. Xalq malika Diananing o`limidan chuqur qayg`uga tushgan. Sevimli malikalari bilan xayrlashish istagida kelgan olomon bir necha kun Bukingem saroyi atrofida to`planib, motam kuni e`lon qilinishini, mamlakat bayrog`i tushirilishini talab qilishgan.

Liza Lopes
2002 yil 25 aprelda halok bo`lgan

TLC —  guruhi jahonga mashhur Spice Girls va Destiny’s Child ayollar guruhidan keyin uchinchi o`rinda turadi.  Guruh a`zolaridan biri Liza Lopesning avtohalokatda halok bo`lganiga qaramay, hamon konsert berishdan to`xtamayapti. Lizaning bolaligi og`ir kechgan, otasi muntazam ravishda ichib, onasini kaltaklab kelgan. Keyinchalik oilaviy janjallar joniga tekkan Lizaning o`zi ham aroqqa ruju qo`ygan. U mashhur bo`lishiga qaramay, bu odatini tashlamagan. 2002 yilda shaxsiy hayotida ro`y bergan voqealar tufayli Liza Gondurasga dam olishga jo`naydi. 30 yoshli Liza rulni boshqarib ketayotganda yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, yuk mashinasi bilan to`qnashadi. Guruh a`zolari uning o`rniga boshqa odam olishni istamaydi.

Gennadiy Bachinskiy
2008 yilning 12 yanvarida halok bo`lgan

Mashhur dijey, Maximum radiosidagi tonggi shouda Sergey Stillavinning sherigi bo`lgan Gennadiy Bachinskiy 36 yoshida halok bo`ldi. U Rossiyaning Tver viloyatida trassada fura mashinasini quvib o`tayotganda yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqib qolib, YTH sodir etadi va oqibatda voqea joyida halok bo`ladi.

Valeriy Xarlamov
1981yil 27 avgustda halok bo`lgan

Valeriy Xarlamov sovet xokkeyining 17 raqamli afsonaviy xokkeychisi bo`lgan. Xarlamovni “xokkeyning Krishtian Ronaldusi” deb atash mumkin bo`lgan. Uni dunyo ahli yaxshi tanigan. Valeriy Xarlamov ilk marotaba rafiqasi Irina bilan 1976 yilda avtohalokatga yo`liqqan edi. Bir qancha jiddiy jarohat olishiga qaramay, u etti oydan keyin muz ustiga qaytdi. Oradan besh yil o`tgach, Leningrad shossesining 74 kilometrida u yana avtohalokatga uchradi. Bu safar ham uning yonida rafiqasi Irina va uning akasi bo`lgan. Ularning har uchalasi ham voqea joyida halok bo`lgan.
 

Viktor Soy
1990 yilning 15 avgustida halok bo`lgan

28 yoshli musiqachi Latviyaning “Sloka-Talsi” yo`lining 35 kilometrida, rulda uxlab qolish oqibatida avtohalokatga uchragan. Uning boshqaruvida bo`lgan “Moskvich” avtomashinasi katta tezlikda avtobusga kelib uriladi va u voqea joyida halok bo`ladi. Bu voqea o`sha paytlarda mashhur “Kino” guruhi muxlislari uchun katta yo`qotish bo`lgan. Ulardan ba`zilari hatto o`z joniga qasd qilishga ham uringan. Viktor Soy halok bo`lgan joyga yodgorlik o`rnatilgan.

Leonid Bkov
1979 yilning 11 aprelida halok bo`lgan

“Jangga faqat qariyalar kiradi” tragikomediyasining mashhur qahramonlaridan biri 50 yoshda “Minsk-Kiev” yo`lida quvishish oqibatida yo`lning qarama-qarshi tomoniga chiqib qolib, avtohalokatga uchrab, halok bo`lgan. Tergov natijalari halokatda faqatgina aktyorning o`zi aybdor bo`lganligini aniqlashgan. 

Marina Golub
2012 yil 9 oktyabrda halok bo`lgan

54 yoshli aktrisa spektakldan so`ng taksida uyga qaytayotganida avtohalokatga uchragan. Yo`l-harakat qoidalarini buzib, tezlikda kelayotgan Cadillac taksiga urilgan. Oqibatda taksi haydovchisi va Marina Golub halok bo`lgan, Cadillac haydovchisi esa voqea joyidan qochib ketgan. Ammo polisiya xodimlari tomonidan qo`lga olingan qonunbuzar haydovchi 6,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!