Turkiya prezidenti urib tushirilgan Su-24 uchun Putindan kechirim so`radi

10:48, 28 iyun

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Turkiya prezidenti Rajab Toyip Erdo`g`anning Su-24 qiruvchi samolyotining urib tushirilgani yuzasidan, Vladimir Putin nomiga kechirim so`rab yozgan maktubini e`lon qildi, deb xabar qildi “Lenta.ru” nashri.  

“Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyip Erdo`g`anning kechirim so`rab yozgan maktubini oldi. Unda Turkiya rahbari Rossiya harbiy samolyotining urib tushirilishi tufayli kelib chiqqan nizoli vaziyatni bartaraf etish istagini bildirgan hamda Turkiya hukumati nomidan halok bo`lgan uchuvchining oila a`zolariga ta`ziya izhor etib, uzr so`ragan”, dedi Dmitiriy Peskov. 

Maktubning davomida Turkiya hukumati halok bo`lgan uchuvchi Oleg Peshkovning jasadini Suriya oppozisionerlari qo`lidan olish uchun bor kuchi bilan harakat qilgani, dafn oldi marosimlarini o`tkazishda diniy va harbiy qonun-qoidalarga rioya etilgani haqida so`z yuritilgan. 

“Men yana bir marotaba halok bo`lgan uchuvchining oila a`zolariga chuqur ta`ziya izhor etaman va ulardan kechirim so`rayman. Ularning dardini qalban his qilaman, rossiyalik uchuvchining oilasini turk oilasi deb qabul qilaman. Ularning dardini engillashtirish uchun, etkazilgan og`ir zararni qoplash uchun biz qo`limizdan kelgancha tashabbus ko`rsatishga tayyormiz”, deb yozgan Erdo`g`an. Xatda shu bilan birga rossiyalik uchuvchining halokatiga sababchi bo`lgan turkiyalik fuqaro ustidan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida ham aytib o`tilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!