Rossiyalik erkak insonnikiga o`xshash tishli baliq tutib oldi(Foto)

11:45, 28 iyun

Tulalik fuqaro markaziy park hovuzida baliq tutayotganda inson jag`ini eslatuvchi tishlari bo`lgan baliqni ushladi, deb xabar berdi “Interfax.ru” nashri.

Ekspertlar bu baliq janubiy Amerikaning paku nomli balig`i bo`lib, inson uchun hech qanday xavf tug`dirmasligini aytgan. Baliqning suratlari ijtimoiy tarmoqning turli nashrlarida chop etilgan. Xabarlar “Tula parki” tashkiloti rahbarlarini qiziqtirib qo`ygan.

“Ijtimoiy tarmoqda baliqning suratini ko`rib, uni tutgan odam bilan aloqaga chiqdik. Undan baliqni olib, ekspertizaga topshirdik. Ekspertlar bergan ma`lumotga ko`ra, bu o`txo`r baliq bo`lib, uning nomi paku ekan. U inson uchun xatarli emas”, dedi tashkilot rahbari Varvara Trunova.

Bog` ma`muriyatining taxminicha, baliq hovuzga akvariumchilardan biri tomonidan tashlangan. “Bu baliqlar zoomagazinlarda akvariumda saqlash uchun sotiladi. Tabiat qo`ynida ularning uzunligi 50 santimetrni tashkil etadi”, deydi park xodimlaridan biri. 

Paku – chuchuk suvli ko`llarda yashaydigan baliq bo`lib, asosan Janubiy Amerikaning Amazonka va Orinoko daryolarida uchraydi va piranelarga o`xshab ketsa-da, o`simlik bilan oziqlanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!