Sobiq YPX xodimining iqrori: “Pul topdim-u, baxt topmadim!”

15:31, 28 iyun

Ichki ishlar idorasi xodimi bo`lib ishlardim, aniqrog`i, Yo`l patrul xizmati xodimi sifatida ko`p yillar faoliyat yuritganman. Kasbimni yaxshi ko`rardim. Ushbu sohani tanlaganim uchun o`z-o`zimdan suyunardim.    Ayolimning meni to`g`ri tushunishi, oqilaligi tufayli oilamdan, farzandlarimdan ko`nglim to`q. Xizmat jarayonida boshqa narsaga chalg`imasdan ishga sho`ng`ib ketardim. 

Bo`sh vaqtim bo`ldi deguncha, farzandlarimni parkkami, boshqa biron joygami sayrga olib chiqardim. Ularning sho`h-shodon kulgilarini ko`rib, o`zimga sig`may ketardim. Qo`shnilar ham bizning oilaga havas qilardi. 

Shaxsiy hayot ham ish ham o`z o`rnida risoladagidek ketayotgan edi. Nima bo`ldi bilmadim. Shayton yo`ldan urdimi, nafsim ustunlik qildimi, ishqilib, yo`l qoidasini buzgan haydovchilardan pul ta`ma qilish odatini chiqardim. Borgan sari haydovchilardan ko`proq pul oladigan bo`ldim. Atrofdagilarga past nazar bilan qaraydigan, uncha-muncha narsani pisand qilmaydigan bo`la boshladim. Mendagi bu o`zgarishni payqagan ota-onam, akalarim va ayolim bu ketishda yaxshi bo`lmasligini aytardi. Ayniqsa, otam “Bolam, kim bo`lsang ham inson bo`lib qolgin. Birovlarni zor qaqshatma, hech kimdan pul ola ko`rma. Boshqalarning haqqi buyurmaydi! Har doim o`zingga to`g`ri bo`lib, to`g`ri ishla” deb takrorlardi. Men esa ularning bittasiga ham na ota-onamga, na akalarimga va na ayolimga quloq solmas, bilganimdan qolmas edim. Pul ko`zimni ko`r qilgan paytlari edi o`shanda... 

Bir kuni ishdaligimda taxminan soat 17:30 larda ayolim Mahliyo telefon qilib qoldi. Ovozida titroq, nima tezroq gapir deya o`shqirdim unga. U “o`g`limiz Shahzodni mashina urib ketdi” dedi-yu. Ho`ngrab yig`lab yubordi. “Nega urib ketadi, qaerdasilar hozir” so`radim men. Mahliyo 16-shifoxonada ekanligini aytdi. Nima bo`lsam bo`ldim, muzdek ter chiqib ketdi. Birga xizmat olib borayotgan sheriklarimga ham aytmasdan mashina tomonga qarab yugurdim. Kasalxonaga borgancha “hech narsa qilmagan bo`lsinda, o`g`lim omon qolsin, tinchlik bo`lsin, ishqilib” tinmay takrorlardim. Shifoxonaga qanday qilib borganimni eslolmayman. Jonlantirish bo`limining oldida ayolim ko`zlarida yosh bilan u yoq, bu yoqqa tinimsiz yurib turibdi. Meni ko`rishi bilan battar yig`lay boshladi. “Ha, nima bo`ldi, o`g`limiz yaxshimi, sen nimaga qaramading” baqirdim unga. Shahzodni urib yuborgan mashina egasini qidira boshladim. U ham shu  erda ekan, kasalxonaga o`zi olib kelibdi. Dori olish uchun dorixonaga ketibdi.  Haydovchini sabrsizlik bilan kutardim. “Qo`limga tushsa bormi, maydalab tashlayman. Ko`ziga qarab yursa o`ladimi, agar o`g`limga bir narsa bo`lsa, sog` qo`ymayman”  o`zimcha g`uldirardim.  Shifoxona darvozasidan bir kishi chopib kelayotgani ko`rindi. Qo`lida dori solingan paket ko`targan. Mahliyo menga qarab imladi. Bildimki, o`g`limni mashinasida urib yuborgan kishi shu. U tobora yaqinlashgan sari tanish tuyulardi. Unga peshvoz chiqdim. Uning yo`lini to`sdim-u, joyimda qotib qoldim. U bo`lsa, “aka, dorilarni shifokorga  berib olay keyin gaplashamiz, shoshilinch olib keling degandi” deb meni aylanib o`tib yugurib ichkariga kirib ketdi.   Bu odamning ikki soatcha oldin mashinasini to`xtatgandim. Spirtli ichimlik ichgan ekan. Ikki yuz ming so`m pulini olib qo`yib yuborgandim. Balki, o`xshatayotgandirman yoki menga shunday tuyulayotgandir o`ylanaman. Besh minut o`tar-o`tmas haydovchi chiqib keldi. Ha-ha, u atigi ikki soatgina oldin to`xtatgan haydovchim edi. O`shanda qonun doirasida ish qilganim-da, o`g`lim bu ahvolga tushmagan bo`lardi. Hammasi meni deb bo`ldi. Haydovchiga nima deyishni ham bilmayman, o`zimdan ham ayb o`tgan. Uni qo`yib yubormasligim kerak edi. Nafs meni shu kuyga soldi. Avtohalokatdan so`ng Shahzod o`ng oyog`ini oqsab bosadigan bo`lib qoldi. Shunisiga ham shukur qilaman! Sal bo`lmasa, o`z farzandim o`limiga sabab bo`lishimga oz qoldi. O`g`limni mashinasida urib yuborgan kishiga nisbatan qonun doirasida chora ko`rildi. 

Men bugun vijdon azobida yashamoqdaman! Shahzodning oqsoqlanib yurishini ko`rib yurak-bag`rim eziladi. U mening nafsim sababli shu ahvolga tushdi, nogiron bo`lib qoldi. Ikki yuz ming so`m pulni deb bir umr vijdon azobida qiynalib yashashga mahkum bo`ldim. Qolaversa, o`g`limni ko`rsatmagan joyim qolmadi. Qancha-qancha pulim ketdi. Haydovilardan olgan pullarim o`n, yuz, ming baravar bo`lib chiqib ketdi!

Har qanday ishda qonuniylik, halollik, to`g`rilik birinchi o`rinda turishi lozimligini anglab etdim! Faqat endi juda kech! 

Aziz Turdiev, Toshkent shahri

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!