Toshkentda to`qimachilik texnoparki qurilishi boshlandi

10:08, 29 iyun

Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti hududida O`quv-tadqiqot to`qimachilik texnoparki qurilishi boshlanishiga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirining o`rinbosari Shavkat To`laganov, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi departamentining bosh direktori Kang Myun Su va boshqalar O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi hamkorlik boshqa sohalar qatori to`qimachilik, engil sanoatda ham izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bu borada muhim huquqiy asos bo`lib xizmat qilayotganini alohida ta`kidladi. Prezident Pak Kin Xening 2014 yil iyunda O`zbekiston Respublikasiga va Prezident Islom Karimovning 2015 yil mayda Koreya Respublikasiga davlat tashriflari o`zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tardi. 

Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni diversifikasiya va modernizasiya qilish, yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish borasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Mamlakatimiz engil sanoati mustaqillik yillarida milliy iqtisodiyotimizning jadal rivojlanib borayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Ayni paytda engil sanoat tizimida zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va qayta jihozlash, malakali kadrlar tayyorlash, chet el investisiyasini jalb etishga asoslangan rivojlanish strategiyasi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularning eksporti ko`lamini kengaytirish imkonini berayotir. 

Mamlakatimiz engil sanoat tarmog`i o`z salohiyatini yanada yuksaltirish uchun katta imkoniyatlarga ega. Yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo`yicha samarali dastur bu borada muhim o`rin tutadi. Masalan, Toshkent to`qimachilik va engil sanoat institutida har yili avtomatlashtirish va boshqaruv, to`qimachilik sanoati texnologiyalari, paxta sanoati texnologiyalari, engil va matbaa sanoati texnologiyalari yo`nalishlarida mingdan ziyod mutaxassis tayyorlanmoqda. 

Janubiy Koreya O`zbekistonning strategik va asosiy investisiyaviy sheriklaridan biridir. Ikki davlat rahbarlarining muntazam muzokaralari samarasida o`zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz turli sohalarga yuqori texnologiyalarni joriy etish borasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Milliy iqtisodiyotimiz turli tarmoqlari, xususan, to`qimachilik va engil sanoatda Janubiy Koreya tadbirkorlarining faol ishtirokida ko`plab loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 

«O`zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati va Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi hamkorligida 2018 yilga qadar Toshkentda barpo etiladigan O`quv-tadqiqot to`qimachilik texnoparki loyihasi O`zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining yorqin namunasidir. 

Texnoparkni tashkil etishdan ko`zlangan asosiy maqsad Toshkent to`qimachilik va engil sanoat institutida joriy etish uchun to`qimachilik sanoatini rivojlantirish, texnologik yangiliklarni yaratish va materialshunoslik, bo`yash-pardozlash, mato va liboslar dizayni sohasida tadqiqotlar o`tkazish, axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda istiqbolli texnologik yo`nalishlarni, muqobil elektr energiyasi manbalari va boshqa yo`nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro o`quv hamda tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat. 

Qurilish-montaj ishlarini bajarish, texnologik uskunalar xarid qilish va o`rnatish, texnopark xodimlari uchun maxsus o`quv kurslarini tashkil etish Koreya Respublikasi hukumatining «Taraqqiyotga rasmiy ko`mak» dasturi doirasida grant mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha qiymati 15 million AQSh dollari atrofida baholanmoqda. 

Texnopark rejasida yuqori texnologiyali 3 va 5 qavatli ma`muriy binolar, energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda eksperimental ishlab chiqarish uchun quyosh batareyalari bilan jihozlangan va umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan ziyod alohida 2 qavatli bino qurish ko`zda tutilgan.

Rejaga ko`ra, 4 ming kvadrat metrdan ortiq bo`lgan hududda o`quv xonalari, konferensiya va ko`rgazma zallari, laboratoriyalar, ofislar, oranjereya va boshqa ob`ektlar joylashtiriladi. 1,5 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etiladigan ilmiy-tajriba laboratoriyasida to`qish, bo`yash-pardozlash, tikuv uskunalari o`rnatiladi. 

5 qavatli bino tomida gulzor va bog` barpo etiladi. Binolar zamonaviy yuqori texnologiyali qurilish va pardozlash materiallaridan bunyod etiladi. Ularga tutash hududlarga turli xil pishiq koshinlar yotqiziladi, maysazor va favvoralar barpo qilinadi. 

Texnoparkning dizayn-guruhi «O`zbekengilsanoat» korxonalari bilan yangi turdagi mahsulotlar yaratish bo`yicha hamkorlik qiladi. 
“O`zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan Janubiy Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti o`rtasida O`quv-tadqiqot to`qimachilik texnoparkini yanada rivojlantirish to`g`risida muhokama protokoli imzolandi. 

O`quv-tadqiqot to`qimachilik texnoparkining barpo etilishi O`zbekiston engil sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish imkonini beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!