Go`zal bo`lish uchun o`zini qurbon qilgan ayollar

12:31, 29 iyun

Ayollar go`zallik qurbonlik talab qilishini hamma zamonlarda ham yaxshi bilishgan. Ular chiroyli ko`rinishga ega bo`lish turli parhezlardan, kosmetik vositalardan va surtmalardan foydalanishgan. Ba`zida bu go`zallik ularga sog`liklari evaziga juda qimmatga tushgan, deb xabar berdi “Interesno.cc” nashri.

Korset

XVIII asrda Evropada ingichka bel nafaqat ayollar, balki erkaklar orasida ham urf bo`lgan. Ingichka belga ega bo`lish uchun ular bolaligidan boshlab, korset taqib yurishgan.

Korset qomatni tik tutish uchun yordam bersa-da, qovurg`alarni juda qisgan. Ayol ortiqcha harakatlarni bajara olmagan. Korsetdagi yog`och, temir uskunalar teriga kirib, og`riq bergan, ba`zida qovurg`a sinishiga ham sabab bo`lgan. Kislorod etishmasligi oqibatida hushdan ketish esa odatiy hol bo`lgan.

35-40 santimetrli ingichka belga ega bo`lish uchun korset kiyilayotganda uni ikki kishi bor kuchi bilan ikki tomonga tortib turgan. Muntazam ravishda korsetda yurish qovurg`alarning qiyshayishiga, yurak va o`pka kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo`lgan, hattoki o`limga ham olib kelgan.   

Ko`zga zaharli belladonna tomchilarini tomizish

Belladonna (zaharli o`tsimon o`simlikdan tayyorlangan dori) va uning farmakologik xususiyatlari insoniyatga 2000 yildan beri yaxshi tanish. Qadimgi Gresiya va Rimda undan zahar sifatida foydalanishgan. O`rta asrlarda yalmog`izlikda ayblangan ayollarni sud qilishida aynan shu zahar ishlatilgan. Zahar kuchli gallyusinasiyalarni yuzaga keltirgan. XVIII-XIX asarlarda Evropada belladon tomchilaridan kosmetik vosita sifatida foydalanish yo`lga qo`yilgan. Uni italiyalik aslzoda xonimlar urfga kiritgan. Ko`zga tomizilgan belladona tomchilari ko`z qorachiqlarini kengaytirib, unga ma`noli ifoda bergan. Boshqa tomondan esa u gallyusinasiya chaqirgan, ko`zni ko`r qilib qo`ygan va yomon oqibatlarga olib kelgan. 

Oyoqni qisib bog`lash

Xitoyda oyoqni qisib bog`lash ming yillardan beri an`ana tusini olgan. Oyoq qanchalik kichkina bo`lsa, bu go`zallik ramzi hisoblangan. Bunday “go`zal” oyoqqa ega bo`lish uchun qizlar bir umr dahshatli og`riqlarga chidashgan. Kerakli hajmdagi oyoqqa ega bo`lish uchun qizlar etti yoshdan boshlab, oyoqlarini siqib bog`lab yurishgan. Oyoq bosh barmog`idan tashqari barcha barmoqlar sinib ketgan. Bog`langan oyoqlar tufayli qon aylanishi buzilib, tirnoqlar yara bo`lgan va nekrozlar vujudga kelgan. XX asr boshlariga kelib, ayollar oyog`ini siqib bog`lash taqiqlangan. Bunday oyoqlar uchun poyafzal ishlab chiqaruvchi so`nggi fabrika 1999 yilda yopilgan va uning mahsulotlari eksponat uchun etnografik muzeyga topshirilgan. 

Margimush

XIX asrda margimush eng mashhur kosmetik vositalardan biriga aylandi. U yuzni tiniqlashtirib, ko`zni yorqinlashtiradi, deb hisoblangan. Margimushni yana “qon aylanishi”ni yaxshilash uchun iste`mol qilishgan. Aslzoda xonimlar yuzni tiniqlashtirish deganda, rangparlikni tushungan. Margimushdan oz miqdorda, asta-sekinlik bilan miqdorini ko`paytirib, qabul qilishgan. Organizmda zaharning to`planishi qalqonsimon bez kasalligini keltirib chiqarib, o`limga ham olib kelgan. Margimush qabul qilishni boshlagan ayol uni umrining oxirigacha iste`mol qilishga majbur bo`lgan.

Tasmasimon chuvalchangni yutish

XX asrda ozg`inlik urfga kirganligi bois, aksariyat ayollar ozish uchun hamma narsaga tayyor bo`lib, hatto chuvalchang yutishga ham rozi bo`lishdi. Inson organizmiga tushgan parazitlar oziq moddalarni va yog` zahirasini iste`mol qilgan. Natijada inson ozib ketgan, chuvalchang esa o`sib, 50 santimetrga etgan. Kerakli natijaga erishilgach, chuvalchang maxsus preparatlar bilan yoki jarrohlik yo`li bilan olib tashlangan. Buning xavfli tomoni shundaki, chuvalchanglar inson organizmida nafaqat oziqlanishga, balki ko`payishga ham harakat qilishadi. Eng katta chuvalchanglar olib tashlangani bilan bolalari organizmda saqlanib qolishi tufayli yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Radioaktiv kosmetika

XX asrga kelib, go`zallikka intilish hatto telbalik darajasiga etdi. Masalan, 1932 yilda Fransiyada ikki tadbirkor ayollar uchun “Tho-Radia” nomli kosmetik vositalar ishlab chiqara boshlaydi. Pudra va yuz kremi tarkibiga o`sha paytda mo``jizaviy kuchga ega deb hisoblangan radiy moddasi qo`shilgan. Tadbirkorlarning fikricha, radiy moddasi yuzni ajindan xalos qilgan. Bunday kosmetik vositalardan foydalangan ayollar go`zallik evaziga nurlanish kasaliga chalingan. Radiy moddasi xavfli deb hisoblanishiga qaramay, “Tho-Radia” mahsulotlari 1960 yilga qadar sotilgan.

Qo`rg`oshinli upa

XVII asrda Evropada yuz terisining rangi va silliqligiga katta e`tibor qaratilgan. Aslzodalarga xos rangparlik yana urfga kirgan. Buning uchun ayollar qon topshirishga ham rozi bo`lishgan. Yuzni oqartirish uchun zaharli simob va qo`rg`oshin moddalari qo`shilgan kosmetik vositalar ishlab chiqarilgan. Qo`rg`oshinli pudra yuzdagi dog`larni berkitish xususiyatiga ega bo`lgan. XVII asrda bunday kosmetik vositalar shol, miya saratoni va ichki a`zolarning ishdan chiqishiga sabab bo`lishini hech kim anglamagan.

Pudra tarkibiga qo`rg`oshin moddasini qo`shish XX asr boshlarigacha saqlanib qolgan, hozirda esa pudra uchun talk moddasi ishlatiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!