Vatanimga dil izhori — “25” aksiyasiga start berildi

12:35, 29 iyun

“Yoshlar ijod saroyi”da O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan o`tkaziladigan “25” aksiyasiga start berildi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator vazirlik va idoralar ko`magida O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yilligini munosib kutib olish maqsadida “Go`zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O`zbekistonim” shiori ostidagi “25” aksiyasi tashkil etilmoqda.

Aksiya aholi, ayniqsa, yoshlar o`rtasida mustaqillik davrida qo`lga kiritilgan yutuqlarning mazmun-mohiyatini targ`ib etuvchi ijodiy ishlar tanlovlarini tashkil etish asosida o`tkaziladi.

Aksiyaning asosiy maqsadi – istiqlol yillarida bosib o`tilgan tarixiy yo`l, erishilgan ulkan yutuq va marralar, ularning mohiyati va ahamiyatini har tomonlama chuqur his etish, uni keng jamoatchilikka etkazish, “Kim edigu, kim bo`ldik?” degan hayotiy haqiqatni anglagan holda yosh avlodda vatanparvarlik tuyg`ularini yanada mustahkamlashdan iborat.

“25” aksiyasi doirasida quyidagi loyihalar amalga oshiriladi:

– “Mustaqillik mening taqdirimda” mavzusidagi taqdimotlar tanlovi (mustaqillik yillarida mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar hamda ular tomonidan xalqaro va respublika miqyosida qo`lga kiritilgan yutuqlarni aks ettiruvchi slayd-shou va taqdimotlar);

– “Eng ulug` va eng aziz” shiori ostida video va audiotabriklar tanlovi (mustaqilligimizning yigirma besh yilligiga bag`ishlangan eng sara video va audiotabriklar);

– “Vatanimga dil izhori” shiori ostidagi fotosuratlar va videoroliklar tanlovi (mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasini 25 raqami shaklida aks ettiruvchi fotosuratlar va videoroliklar);

Mazkur tanlovlarda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar ishtirok etish huquqiga ega.

Aksiya doirasidagi tanlovlarga taqdim etiladigan ijodiy ishlar (slayd-shou, taqdimot, videotabrik, fotosuratlar, videorolikar) joriy yilning 5 avgust kuniga qadar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining tuman (shahar) Kengashlarida qabul qilinadi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar bir vaqtning o`zida www.25.kamolot.uz saytiga hamda loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib boriladi.

Aksiya doirasida respublikamizning har bir tuman (shahar)laridagi markaziy xiyobon va istirohat bog`larida 25 raqami joylashtirilgan fotomaydonlar tashkil etiladi hamda mazkur maydonlarga keng yoshlar ommasini jalb etgan holda suratga olingan va ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan foto va video mahsulotlar alohida nominatsiya sifatida baholanadi.

Taqdim etilgan ijodiy ishlar (slayd-shou, taqdimot, videotabrik, fotosuratlar) Respublika ishchi guruhi a`zolari tomonidan ko`rib chiqiladi va baholanadi. Respublika ishchi guruhi tomonidan saralab olingan ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali targ`ib qilinadi hamda maxsus to`plam sifatida chop etilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, saralangan ijodiy ishlar asosida “Vatanimga dil izhori” shiori ostida ko`rgazma tashkil etilishi belgilangan.

Aksiya doirasida tashkil etilgan tanlovlarda g`oliblikni qo`lga kiritgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan rag`batlantirilishi rejalashtirilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!