Moldaviya sobiq bosh vaziri 9 yilga qamaldi

15:43, 29 iyun

Moldaviya sobiq bosh vaziri Vladimir Filat Kishinyov tuman sudi hukmiga ko`ra, xizmat vazifasini suiiste`mol qilgani va korrupsiya bilan shug`ullanganligi uchun 9 yilga qamaldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Sud hukmi bilan Vladimir Filat hukumat mukofotlaridan mahrum etilgan, rahbarlik lavozimida ishlash 5 yilga taqiqlangan va mol-mulki musodara qilingan. Bundan tashqari mamlakat sobiq bosh vaziri 60 ming ley (taxminan 200 ming rubl) miqdorida jarima to`laydi.

Qoralovchi jazoning engilligidan norozi bo`lib, hukmni qayta ko`rib chiqishni talab qilishini bildirdi. Himoyachi esa sud qarorini aqlga to`g`ri kelmaydigan qaror deb atadi.

Vladimir Filatning o`zi ham sud hukmidan norozi bo`lib, inson huquqlari bo`yicha Evropa sudiga murojaat qilishini bildirdi.

Vladimir Filat 2015 yilning oktyabr oyida korrupsiyada ayblanib, qo`lga olingan edi. Uning qamalishiga moldaviyalik tadbirkor Ilan Shor (rossiyalik xonanda Jasminning turmush o`rtog`i) ning ko`rsatmasi sabab bo`lgan. Uning ta`kidlashicha, sobiq bosh vazir Ilan Shorning biznesiga homiylik qilishi uchun undan pora talab qilgan. Vladimir Filatning advokatlari Ilan Shorni yolg`on ko`rsatma berishda ayblashdi. 

Vladimir Filat Moldaviya hukumatini 2009 dan 2013 yilgacha boshqargan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!