Videotasmadagi sirli tasvir

17:08, 29 iyun
Bu voqeani chekka qishloqqa kelin bo`lib ketgan ammam hikoya qilib bergandi. Voqea o`sha qishloqda ancha oldin sodir bo`lgan ekan. Eshita turib, birimiz qo`rquvga tushgan, boshqamiz esa hayratdan yoqa ushlagandik...
 
—  Avvalo bunga o`xshash qismatni hech kimning boshiga solmasin, — deb gap boshladi ammam. — O`shanda yozning chillasi, quyosh erni tandirdek qizdirardi. Tush paytlari odam zotini ko`chada uchratib bo`lmasdi. Hamma uy-uyiga kirib jon saqlardi. Faqat ora-sira qishloq chetidagi katta anhordan cho`milib qaytayotgan bolalarning qiy-chuvini aytmasa, qishloq odamlari tashlab ketgan ovuldek sokin bo`lib qolardi. 
 
O`sha kuni men ham issiqdan qochib, eshik-derazaga parda tutib, qop-qorong`i qilib endi uzala tushgandim. Ko`cha tomondan g`ala-g`ovur ko`tarildi. 
 
“Bolalar cho`milishdan qaytdi”, — deya boshimni bolishga yanada qattiqroq bosdim. Ammo shovqin hadeganda tinavermadi. Sal o`tmay qo`shnimiz Xolbuvi momoning qarg`angani, kimgadir baqirgani eshitildi.
 
“Tinchlikmikan? Bu paytda momoni uncha-munchaga turg`izib bo`lmasdi...”
 
Ichim qizib o`rnimdan qo`zg`aldim. Erinibgina derazaga tortilgan qora matoni ko`tardim. Xolbuvi momoning darvozasi yonida hech kim yo`q. Ammo ancha narida, ko`cha boshida hamma yugurib borayotgandi. 
 
“Tavba, bular qayoqqa chopib ketyapti?”
 
Odamzot qiziq-da, biror nimaning uchini ko`rib qolsa, oxiriga etmay tinchimaydi. Menam issiqqa ham parvo qilmay, darvozadan tashqariga chiqdim. Hech zog` yo`q. Ko`cha boshidagilar ham ketib bo`lishgandi. Endi uyga qaytib kiraman deb tursam, Xolbuvi momoning yaqinda tushirgan, hali chillasi ham chiqmagan kelini qo`lida arqon bilan yugurib chiqdi. Men savol berishga ham ulgurmadim. Uning o`zi yalina ketdi:
 
—  Yangajon, katta anhorga meni olib boring. Mana, yana arqon topdim. Yuring, yangajon!
 
—  Tinchlikmi? — qo`rqib ketdim.
 
—  Haligi... bu kishi suvga kalla tashlabdi-yu, qaytib chiqmabdi. Shunga hamma qidirgani ketdi. Aytishlaricha, arqonni ikki kishi anhorning ikki qirg`og`ida tutib turar, qolganlar shu arqondan ushlab, izlarmish... Men uyda jim o`tirolmayman. Iltimos...
 
—  Kim? Shokirmi? Shokir cho`kibdimi? — ishonqiramadim. 
 
Axir Shokir bilan mana bu kelinchakning to`yiga endi bir oy bo`ldi-ku!
 
Kelinchak yoshli ko`zlarini ishqab, bosh silkidi-yu, ko`cha boshi tomon yugurgiladi. 
 
—  Hey shoshmang, o`zim olib boraman! — dedim ortidan qadamimni tezlab.
 
Kelinchak mening qadam tashlashishimga qanoat qilmasdi. Tezroq borib, umr yo`ldoshini qutqaradigandek eldek uchardi. Oldinma keyin terga botib, anhor bo`yiga etib bordik. Qishloqning bor erkagi yig`ilib qolgan ekan. Kelinchak aytganidek ular arqon yordamida ikki-uch qator bo`lib suv kechib borishardi. 
 
—  Oyog`i chiqqanidan buyon shu anhordan chiqmaydigan bola, kelib-kelib uylanganidan keyin ham cho`kadimi? Baliqdek suzadigan bo`lib ketgan-ku! — dedi kimdir hayratini yashira olmay. 
 
—  Kalla tashlagan ekan. Menimcha boshi bilan bir nimaga urilgan. Daraxtning ildizigami, toshgami... Hushini yo`qotib cho`kkan, bo`lmasa bunday bo`lmasdi, — tusmolini aytdi yana kimdir. 
 
Xullas erkaklaru yigitlar, bo`z bolalar Shokirni yarim tungacha qidirishdi. Afsuski, topilmadi. Xolbuvi momo bilan kelinchak yig`layverib, adoyi tamom bo`ldi. Shokir Xolbuvi momoning kenja bolasi edi. “Supra qoqdi”m deb hamon suyib-erkalab yurardi. 
 
Garchi Shokirning tirigini topishga umid qolmagan bo`lsa-da, odam tilga olishni istamaskan.
 
—  Qo`rqmang, Shokir cho`kadigan bola emas. Hushiga kelsa, o`ziyam chiqib keladi... — deymiz onaizorni ovutib. 
 
—  Ilohim, shunday bo`lsin! Bolamni Xudoning o`zi panohida asrasin, — yig`laydi Xolbuvi momo. 
 
Ming nadomatlar bo`lsinki, momoning ko`z yoshlari naq o`n bir kunga cho`zildi. Shokirning murdasi topilmadi. 
 
—  Bolam, baliqlarga em bo`ldimi... — goho bag`ri qon onaning ovozi bizning hovliga ham eshitilardi. 
 
Butun qishloq jon-jahdi bilan izladi. Negadir marhumning jasadi topilmasdi.
 
—  Xolbuvi momoning o`zi anhorga tushaman, deb ketayotganmish... — yugurib keldi o`n ikkinchi kuni o`g`lim. 
 
—  Voy o`lmasam, chiday olmay o`zini suvga otmasaydi! — yugurdim eshita solib. 
 
Borsam, ust-boshi shalabbo bir to`da erkak va Xolbuvi momo suv bo`yida hansirab o`tirar, ularning yonida esa... Shokirning jasadi...
 
Xolbuv momo Shokirning tanasi qaerdaligini qanday bilganini aytsam, ishonmaysiz. Uyquga ketishdan oldin “Bolamni sog`indim”, deb bir oy oldingi Shokirning to`y kassetasini qo`ydiradi. Ko`rib o`tirishganida tasma pirpirab, ko`rsatmay qoladi. Shu payt momo o`zini yo`qotib qo`yadi:
 
—  Ana Shokir! O`zini suvga otdi. Boshi harsangga tegdi, ozgina oqdi... Keyin qirg`oq chetidagi daraxt ildiziga ilinib qoldi... Ko`rdilaringmi?
 
—  Ona... Qo`rqitmang... — deydi bolalari.
 
Lekin Xolbuvi momo tonggacha yana qayta-qayta videotasmani ko`radi va shu gapni takrorlaydi. Oxiri tongda yo`lga tushadi. Sinoatni qarangki, aynan Xolbuvi momoning ko`ziga ko`ringan joydan Shokirning tanasi topiladi. 
 
Voqeaning yanayam sirli tomoni shundaki, Shokirni tuproqqa qo`ygach, ancha vaqt o`tib, ular to`y kassetasini yana tomosha qilishadi. Ammo tasma endi pirpiramaydi, to`yning oxirigacha tiniq ko`rsatadi...
 
KAMINA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!