AQSh sudi tarixida ilk marotaba gapiruvchi to`ti sud jarayonida ishtirok etadi

11:56, 30 iyun

AQShning Michigan shtatida yashovchi ayol sud jarayonida jako to`tiqushining “bilim”idan foydalanish imkoniyatiga ega bo`ldi, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri.

2015 yilning may oyida er-xotin Dyuramlarning uyidan, er — Martinning besh marotaba o`q uzilgan jasadini va rafiqasi Glennani boshidan yaralangan holda topishgan, vrachlar uning hayotini saqlab qolgan. Hozirda ayol qotillikda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda, polisiya uni jazodan qutulib qolish uchun o`zini yaralagan deb hisoblamoqda. Guvohlarning ma`lumot berishicha, fojiaga er-xotin o`rtasidagi kelishmovchilik va janjal sabab bo`lgan.  

Martin ilgari Kristina ismli ayolga uylanib, ajrashgan. Kristina Martin halok bo`lgandan keyin shaxsiy surushtiruv ishlarini olib borgan. Uning aniqlashicha, uyda yashovchi Bad laqabli to`tiqush uy egalarining ovoziga o`xshatib bir qancha so`zlarni gapirgan: Martin “Yo`qol” (Get out) degan, rafiqasi “Qaerga boraman?” (Where will I go) deb javob bergan, to`tiqush talaffuz qilgan keyingi so`z “Otma!” (Don't f----ing shoot) bo`lgan.  

Martinning oilasidagilar va sobiq rafiqasi uning o`limida Glennani ayblashmoqda va huquq-tartibot idoralaridan to`tiqushning gapini inobatga olishni talab qilishmoqda. Avvaliga prokuror bunga ko`nmagan, ammo ayni vaqtda mutaxassislar to`tiqushdan olingan axborotning qanchalik haqiqatga yaqinligi ustida ish olib bormoqdalar. 

Bunday voqea bir necha yil ilgari Hindistonda ham yuz bergan. Polisiya to`tiqushning gapi bilan qotilni qo`lga olgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!