O`zbekiston fuqarolarning 91,8 foizi Toshkentda o`tgan ShHT sammitini kuzatib bordi

15:10, 30 iyun

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi 2016 yilning 23-24 iyun kunlari poytaxtimizda o`tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi yakunlarini o`rganishga bag`ishlangan ekspress-so`rov o`tkazdi. 

So`rov natijalari shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz fuqarolari Prezidentimiz Islom Karimovning Shanxay hamkorlik tashkilotiga O`zbekistonning raisligi davridagi faoliyatiga yuksak baho bergan. ShHT Davlat rahbarlari kengashining Toshkentdagi majlisi ushbu tashkilot tarixida ShHT faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida alohida o`rin egallashini ta`kidlagan. 

Fuqarolarning aksariyati (91,8 foizi) sammitni kuzatdingizmi, degan savolga ha, deb javob bergan. 

So`rov xalqimiz o`z mamlakati va eng nufuzli tashkilotlardan biriga uch marta raislik qilgan Prezidenti hamda uning xalqaro maydonda obro`-e`tibori ortib borayotgani bilan faxrlanishini ko`rsatdi. So`rov ishtirokchilarining 100 foizi shunday javob bergan. 

Fuqarolarimiz Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo`shilishi to`g`risidagi masala hal etilganini ijobiy baholaydi. 

Aksariyat ishtirokchilarning fikricha (92,2 foiz), ShHT Davlat rahbarlari kengashining majlisi xayrixohlik, o`zaro ishonch va hurmat ruhida o`tdi. Sammit ishtirokchilarining amaliy muloqot qilishga intilishi ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining ko`p tomonlama muvaffaqiyatli hamkorligining asosiy omiliga aylandi. 

So`rov yakunlarining ko`rsatishicha, yurtdoshlarimiz sammit natijalaridan to`la qoniqish hosil qilgan. 98,2 foiz ishtirokchining fikricha, ShHTning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisiligida o`tgan Toshkent sammiti ShHT Davlat rahbarlariga tashkilot doirasida ko`p tomonlama va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir muhim masalalarni muhokama qilish bilan birga, boshqa mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo`yicha fikr almashish imkonini berdi. 

Yurtdoshlarimizning ko`pchiligi (92,4 foizi) sammitda ShHTni yanada mustahkamlash, unga a`zo davlatlar xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini ta`minlash, barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish bo`yicha erishilgan kelishuvlarni to`liq qo`llab-quvvatlaydi. 

So`rovda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlarining Toshkentda o`tkazilgan 15-yubiley majlisida qabul qilingan qarorlar ShHT makonida o`zaro ishonch, do`stlik va yaqin qo`shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, tinchlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. 

Ekspress-so`rov davomida aholi tomonidan O`zbekiston va shaxsan Prezident Islom Karimovning ShHTga raislik qilgani tarixiy ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi. 97,3 foiz ishtirokchining fikriga ko`ra, ShHT Davlat rahbarlari uchrashuvida erishilgan ulkan muvaffaqiyat va ijobiy natijalar ko`p jihatdan O`zbekistonning tashkilotga raisligi hamda Prezidentimiz rahnamoligida majlisga yuksak saviyada tayyorgarlik ko`rilgani samarasidir. 

97,6 foiz ishtirokchi ShHTning Toshkent sammitidan kutilgan samaraga to`liq erishildi, deb hisoblaydi. Ularning aksariyati O`zbekiston Prezidenti rahnamoligida xalqaro munosabatlarni rivojlantirish orqali tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishga doir samarali choralar ko`rilayotgani, Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman, ShHT makonida xavfsizlik hamda barqarorlikni ta`minlash bilan bog`liq muhim tashabbuslar ishlab chiqilib, joriy etilayotganiga ishonchi komil. 

So`rovda ishtirok etgan 99,6 foiz respondentning fikricha, Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 15-yubiley majlisi Toshkentda muvaffaqiyatli o`tkazilgani mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. 

«Ijtimoiy fikr» markazi materiallari asosida O`zA muxbiri
Nodira Manzurova tayyorladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!