Prezident Islom Karimov Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurdi

10:50, 01 iyul

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 30 iyun kuni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurdi.  

Islom Karimov Surxondaryo viloyatiga safarini Termiz shahrida milliy va zamonaviy me`morlik uslublari asosida barpo etilgan Xotira maydoni bilan tanishishdan boshladi. Viloyat markazida bunyod etilayotgan muhtasham san`at saroyida qurilish ishlarini olib borish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Davlat rahbari Termiz tumanidagi «Yangiariq paxtakori» fermer xo`jaligi dalasida bo`lib, viloyat faollari va fermerlari bilan suhbatlashdi. Qishloq xo`jaligi mahsulotlari parvarishida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, istiqbolli navlarni ekib, hosildorlikni yanada oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuchayib borayotgan bir paytda mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish va hududning eksport salohiyatini oshirish bo`yicha takliflarini bildirdi.

Islom Karimov Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy majmuasini ham ziyorat qildi. Majmuani ta`mirlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. Bunda vohaning o`ziga xos an`analari, zamonaviy me`morlik usullaridan foydalanish kerakligini qayd etdi.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Kapital ta`mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan Qarshi temir yo`l vokzalini ko`zdan kechirar ekan, uni yanada ko`rkamlashtirish, bino peshtoqini Qashqadaryo tarixiga oid naqshlar bilan bezatish, yo`lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Davlat rahbari «Nasaf» markaziy stadionini borib ko`rdi. 16 ming tomoshabinga mo`ljallangan ushbu stadion xalqaro talablarga javob beradi. Bu erda mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalar o`tkazilishi mumkin.

Islom Karimov stadionni rekonstruksiya qilish, sportchilar va tomoshabinlar uchun qulayliklarni yanada oshirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo`yicha zarur tavsiyalar berdi.

Prezident Qarshi shahrining Mustaqillik va O`zbekiston ko`chalari chorrahasida bunyod etilgan kurantni ko`zdan kechirdi. Qariyb 30 metrlik kurant oq marmar bilan qoplangan, milliy kolorit bilan bezatilgan. Aholi va transport vositalarining harakatlanishi uchun qulaylik va xavfsizlik yaratish maqsadida ulkan qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Davlat rahbari Mustaqillik ko`chasi bo`yidagi xiyobonga tashrif buyurdi. Shahar aholisi va mehmonlarining dam olishi uchun imkoniyat yaratish, maydonda mo``tadil iqlimni ta`minlash maqsadida bu erda ulkan favvoralar bunyod etildi. Mutasaddilarning ma`lum qilishicha, Qarshi shahrida 50 ta favvora qurilishi rejalashtirilgan, bugungi kunda ularning 28 tasi ishlab turibdi.

Islom Karimov o`tgan yili Qashqadaryoga tashrifi chog`ida Amir Temur tarixiy ko`prigini ta`mirlash, daryo atrofini dam olish maskaniga aylantirish bo`yicha zarur tavsiyalar bergan.  O`tgan vaqt davomida ko`prik zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi. Qirg`oq bo`yidagi eski binolar o`rnida go`zal xiyobon bunyod etildi. 24 gektar maydon ko`kalamzorlashtirilib, 4 mingdan ortiq manzarali daraxt va butalar ekildi. Davlat rahbari ushbu ko`prik va xiyobon bilan tanishdi.

Prezidentning Qashqadaryo viloyatiga safari davom etmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!