Toshkentdagi Baxt ko`li yangilandi(Foto)

15:24, 01 iyul

Baxt sun`iy ko`li qirg`og`ida dam olish uchun turli ko`ngilochar joylar tashkil etildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” nashri.

Iyun oyining o`rtalaridan boshlab, Toshkentda Baxt ko’li dam olish maskani o`z faoliyatini boshladi. Sun`iy Baxt ko`li qirg`oqlari oxirgi yillarda yopib qo`yilgan edi. Ko`lning maydoni 27 ga, istirohat bog`ining umumiy maydoni esa 59 ga dir. Istirohat bog`i ma`muriyatining ma`lumot berishicha, bu erda bir vaqtning o`zida 5000 nafar tashrif buyuruvchi dam olishi mumkin. 

Ko`l atrofidagi hudud 11 ta mintaqaga bo`lingan bo`lib, ularning har biri ko`rkamlashtirish uchun poytaxtning bitta tumaniga biriktirilgan. Mintaqalar shartli ravishda bo`lingani bois, dam oluvchilar barcha hududni bemalol aylanib chiqishlari mumkin.

Joylashuv tartibi va narxi

Park hududiga kirish narxi 1000 so`m. Bu erda dam olish uchun turli o`rindiqlar va yog`och karavotlar o`rnatilgan. Ularni ijaraga olish joylashuv tartibiga, manzaraga bog`liq bo`lib, ilk narxi soatiga 5000 so`mdan hisoblanadi. 

Daraxt soyasida va qumda hordiq chiqarish tekin. Kiyim almashtirish uchun kabinalar va dush mavjud. Gigienik tadbirlar esa pullik. 

Ko`ngilochar o`yinlar

Baxt ko’li da turli suv bilan bog`liq ko`ngilochar o`yinlar mavjud. Tepalikdan suvga sakrash, katamaran va qayiqlarda sayr qilish shular jumlasidandir. Faol dam olishni xush ko`ruvchilar uchun plyajda voleybol va futbol maydonchalari mavjud. Istirohat bog`i hududida bir qancha kafelar, velosiped va sigveylarni ijaraga beruvchi, cho`milish liboslarini sotuvchi do`konlar, bolalar uchun esa quruqlikda qasr-batutlar, attraksionlar, mini-basseynlar, mini-golf, karting maydonchalari tashkil etilgan. 

Xavfsizlik

Kirish eshigi yonida tashrif buyuruvchilarni qo`riqlash xizmati xodimlari kutib oladi, istirohat bog`ida spirtli ichimlik ichish qat`iyan man etilgan. Istirohat bog`i hududiga kuzatuv kameralari o`rnatilgan. Suvda xavfsizlikni ta`minlash uchun qutqaruv xizmati tashkil etilgan. Ular har 45 daqiqada suvda suzayotgan dam oluvchilarni 15 daqiqaga qirg`oqqa chiqishga taklif etishadi. Ko`l yuzasiga turli ajratib turuvchi va chegaralovchi to`siqlar o`rnatilgan.

Istirohat bog`i hududida bir necha buyumlarni saqlovchi kameralar, tibbiyot va sanitariya-epidemologik nazorati punktlari mavjud. 

Baxt ko’li har kuni soat 9:00 dan 19:00 gacha ishlaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!