O`zbekistonda Ramazon hayiti 6 iyulga to`g`ri kelganining sabablari oydinlashdi

15:03, 05 iyul

O`zbekistonda Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda, Astronomiya institutining hilol – yangi oyni ko`rish haqidagi xulosasi va O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining qarori asos qilinib, joriy yilning 6 iyul chorshanba kuni Ramazon-hayiti birinchi kuniga to`g`ri kelishi ma`lum bo`ldi.

Din ishlari bo`yicha qo`mita masjidlar bilan ishlash bo`limi mudiri M.Yo`ldoshevning ma`lumot berishicha, joriy yilda hijriy-qamariy taqvimga binoan Ramazon oyi 30 kun bo`lib, arab mamlakatlarining oyni kuzatish markazlari xulosasiga ko`ra, musulmon davlatlari, jumladan Saudiya Arabistonida ham Ramazon hayitining birinchi kuni 6 iyul kuniga to`g`ri kelishi taxmin qilinmokda.

Ayni paytda, ta`kidash joizki, Saudiya Arabistonida xayitning birinchi kunini belgilash Rasulullohning (s.a.v.) “Yangi oyni ko`rib ro`za tutinglar va yangi oyni kurib hayit qilinglar”, degan xadisi shariflariga asosan maxsus tuzilgan ulamolar guruhi tomonidan Ramazon oyining oxirgi kuni ko`z bilan oyni ko`rish orqali amalga oshiriladi. Shunga ko`ra, Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda tafovut yuzaga kelib qolishi holatlari mavjud.

Bugungi kunda Rossiya va Turkiya musulmonlari diniy boshqarmalari joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kunini 5 iyul deb rasman e`lon qilishga moyilligini bildirgan.

O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti bergan ma`lumotga ko`ra, joriy yilda O`zbekistonda hilolning ko`rinishi 5 iyul kuni Quyosh botgandan so`ng kuzatiladi. Shunga ko`ra, O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan 6 iyul kunini hayitning birinchi kuni deb e`lon qilinishi haqida qaror qabul qilindi.

Bunday to`xtamga kelinishi Islom ta`limotiga muvofiq, Rasululloh (s.a.v.) ning “Yangi oyni ko`rib ro`za tutinglar va yangi oyni ko`rib hayit qilinglar” degan hadisi shariflariga mos keladi.

Ramazon oyining yurtimizda to`liq 30 kun davom etishi azaliy milliy va diniy qadriyatlarimiz hamda urf-odatlarimizga mos va hamohang hisoblanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Ramazon hayitini nishonlash bo`yicha Qarori e`lon qilindi. Unga ko`ra O`zbekiston musulmonlari idorasi 2016 yil 6 iyul chorshanba kunini Ramazon hayitining birinchi kuniga to`g`ri kelishi haqida xulosa bergan. Mazkur qarorga ko`ra 6 iyul sanasi mamlakatimizda dam olish kuni deb e`lon qilindi. 

Ushbu qaror timsolida yurtimizda e`tiqod erkinligi, fuqarolarimizning diniy tuyg`ularini hurmat qilish va e`zozlash kabi tamoyillar naqadar katta ahamiyat kasb etilishi namoyon bo`lmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!