Yigitali Mamajonov: «Men uni baxtli qilish uchun hamma narsaga tayyor edim»

11:27, 08 iyul

Aktyor Yigitali Mamajonov «Hordiq» gazetasiga bergan intervyusida xonanda, sobiq turmush o`rtog`i Rayhon bilan nima sababdan ajrashganiga qisman to`xtalib o`tdi. Mazkur nashr Yigitaliga san`atkorlardan tushgan savollar bilan murojaat qildi, deya xabar beradi Daryo.uz nashri «Diydor aziz» gazetasiga tayanib.

Xususan, Shohida Uzoqova aktyorga shunday savol berdi:

«Savolim sizga biroz og`ir botishi mumkin. Farzand Allohning mo``jizasi. Siz nima bo`lgan tadqirda ham oilani saqlab qolishingiz kerak edi. Nega bunga harakat qilmadingiz?»

Yigitalining ushbu savolga javobi quyidagicha bo`ldi:

«Inson birovning hayotini bilmasdan turib bunaqa xulosaga kelishi noto`g`ri. Har bir inson boshidan o`tganini o`zi biladi va har kimning o`z haqiqati bor. Harakat qilmadi, degan qarorga kelish mening haqiqatimga to`g`ri kelmaydi. Men bolalarim otasiz o`smasligi uchun urindim, chunki o`zim 8 yoshda otadan etim qolganman. Otasiz qancha qiyinchilikni ko`rib ulg`ayganim faqat o`zimga ayon va doim niyat qilardimki, farzandlarimni hech qachon yolg`iz qoldirmayman deb. Hayotda biz o`ylamagan va bizga tegishli bo`lmagan narsalar ko`p bo`lar ekan. Haligacha dadam bilan kulishib nonushta qilgan baxtli damlarimni ko`z oldimga keltiraman va farzandlarim bilan ham shunaqa samimiy munosabat o`rnataman, derdim. Nimaga biz bolalarimizni to`liq oila mehrini his qilishidan mahrum qildik? Meni birga yashashni xohlamaydi, deb o`ylaysizmi? Farzandlarimni qanchalik yaxshi ko`rishim faqat o`zimga ayon. Men ularning ham otasiz katta bo`lishini umuman istamaganman. Hatto xayolimga ham keltirmaganman. Oilani saqlab qolish faqat erkak kishining qo`lida bo`lganida men bor-yo`g`imdan voz kechib bo`lsa ham oilamni saqlab qolardim. Bunaqa gaplar bo`lishini oila qurishdan oldin ham sezganman, lekin men shu insonni baxtli qilish uchun hamma narsaga tayyor edim. Bunaqa yo`qotishlarni bilib turib ham qanaqa kurashmasligim mumkin? Boshida men shunchaki taqdir ekan, deb ketganim yo`q, haqiqiy erkak qilishi kerak bo`lgan ishlarni qildim, ammo natija men kutganchalik bo`lmadi. Boshimga tushganini men hatto dushmanimga ham ravo ko`rmayman».

«Menga oxirgi vaqtlarda shu savol juda ko`p berilyapti, — so`zida davom etdi san`atkor. — Ajrashishimizga jiddiy sabablar bo`lganki, biz shu taqdirni tanladik. Shaxsiy hayotda aslida nima bo`lganini, aytganimdek, faqat o`zimiz bilamiz. ‘Nimaga oiladagi tushunmovchiliklarga ko`z yummadingiz?’ deyishadi. Nega ko`z yumish kerak? Me`yordan oshib ketganda ham jim qarab turish kerakmi? Men, Yaratganga shukr, musulmon oilada katta bo`lganman va bizning oilada erkak kishi hukmron bo`lgan, ayol emas! Har bir buyuk erkakning ortida oqila va dono ayol turgan bo`ladi, ayyori emas».

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!