Aktrisa Liya Axedjakova 78 yoshda. Aktrisaning hayot va ijod yo`li

12:40, 08 iyul

Bu aktrisa boshqa aktrisalardan o`zining tragikomik rollari bilan ajralib turadi. “Lady.mail.ru”  nashri sizni Liya Axedjakovaning hayoti va ijodi bilan tanishtiradi.

Bolaligi
Liya Mejidovna Axedjakova 1938 yilning 9 iyulida Dnepropetrovsk shahrida dunyoga kelgan. Uning onasi Yuliya Aleksandrovna etakchi aktrisalardan biri bo`lgan bo`lsa, otasi  Mejid Solihovich — Adigey respublikasining Maykop shahridagi A.S.Pushkin nomli Rus davlat dramatik teatri bosh rejissyori vazifasida ishlagan.

Teatr spektakllar qo`yish uchun qishloqlarga chiqar, tomoshalar isitilmaydigan, sovuq klublarda qo`yilgani bois, onasining o`pkasi shamollab, sil kasalligiga chalinadi. Shunda kichkina Liya mamlakat rahbari Stalinga o`sha paytda endi ixtiro qilingan kamyob doridan onasiga yuborishni so`rab, iltimosnoma yozadi va “xalq dohiysi”ga maktabni oltin medal bilan tugatishga va`da beradi. Qizchaning maktubidan keyin Riganing dori ishlab chiqaruvchi zavodidan ularning oilasiga dori-darmon yuboriladi. Bu dorilar nafaqat  onasiga, balki shu kasallikka chalingan otasi va xolasiga ham etadi. Liya va`dasiga vafo qilib, maktabni oltin medal bilan bitiradi. 

Ilk karerasi
U maktabni bitirgandan keyin jurnalist bo`lish orzusida Moskvaga otlanadi, ammo omadi chopmaydi. Suhbat chog`ida berilgan savollarga yaxshi javob berolmaydi.  Keyin Moskva oltin va rangli metalllar institutiga hujjat topshirib, talabalar safiga qabul qilinadi. O`qish davomida  institut badiiy havaskorlik to`garagining faol a`zosiga aylanadi. O`qishdan ko`ra, to`garakka qatnashish uni ko`proq qiziqtiradi. Bir yarim yil o`qigandan keyin Liya o`qishni tashlab, vataniga qaytib ketadi. Kelasi yili yana Moskvaga qaytib, A.V.Lunacharskiy nomli davlat teatr san`ati instituti (GITIS) ga o`qishga kiradi va institutning etakchi, faol talabalaridan biriga aylanadi.

Teatr sahnasi
Liya Axedjakovaning aktyorlik tarjimai holi talabalik paytlaridayoq yosh tomoshabinlar teatridan boshlanadi. U quyoncha, bezori bola kabi turli rollarni mahorat bilan ijro etadi. Ammo tetar tanqidchilari uni  “Akam klarnet chaladi” vodevilidagi Jenka rolidan keyin tan oladi. Liya Axedjakova 1977 yilda “Sovremennik” teatriga ishga o`tadi va ilk paytlarda faqat epizodik rollarda namoyon bo`ladi.

Roman Vityukning “Kolombinlar xonadoni” spektaklidagi bosh roli unga haqiqiy muvaffaqiyatni olib keladi va birvarakayiga to`rtta spektaklda bosh qahramon rolini o`ynaydi. Evgeniy Ginzburg asari asosida Galina Volchek sahnalashtirgan “Qat`iy yo`nalish” spektaklidagi  Stalin terrori qurboni bo`lgan Tatariston rahbarlaridan birining rafiqasi bo`lgan Zina-tatar roli ham shular jumlasidandir.

Kinodagi faoliyati
Uning rejissyor Eldor Ryazanov bilan bo`lgan hamkorligi “Taqdir hazili yoki qushday engil bo`ling” filmi orqali boshlangan edi. Eldor Ryazanov uni navbatdagi “Ishdagi ishq” filmidagi kotiba Verochka roliga taklif etadi. Uning bu roli tomoshabinlar qalbidan chuqur o`rin olib, gaplari mashhur iboralarga aylanadi. Shundan keyin u bir necha filmlarda suratga tushadi va “Nika” mukofotini qo`lga kiritadi.

Shaxsiy hayoti
Aktrisa uch bora turmushga chiqqan. Ilk marotaba o`zi bilan yosh tomoshabinlar teatrida ishlovchi aktyor Valeriy Nosikka turmushga chiqadi. Ammo ichkilikka mukkasidan ketgan turmush o`rtog`ining suratga olish jarayonida boshqa ayol bilan xiyonat qilgani bois otasi olib bergan ikki xonali kvartirani eriga tashlab, uydan chiqib ketadi.

Rassom Borisom Xocheyshvili bilan qurgan turmushi ham uzoqqa bormaydi. Liya Mejidovna rassomni tan olishlari uchun qo`lidan kelgan yordamini ayamaydi. Uning sa`y-harakatlari tufayli rassomning chizgan suratlari Gollandiya va Fransiyada o`tkazilgan ko`rgazmalarga qo`yiladi. Boris Xocheyshvili mashhurlikka erishgach, ularning munosabatlariga putur etadi.

Aktrisa uchinchi marotaba 63 yoshida fotomuxbir Vladimir Persiyaninovga turmushga chiqadi. Hozirda Vladimir Persiyaninov fotoko`rgazmalar bilan mashg`ul, bundan tashqari rafiqasining agenti, menejeri va yaqin yordamchisi vazifalarini ham bajaradi. Aktrisaning farzandi yo`q.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!