Ona tabiatning ajralmas qismi muhofazasi qonunchilikda adolatli yondashuv ta`minlanishini talab etadi

14:51, 08 iyul

Hozirgi globallashuv va rivojlanish sharoitida dunyo bo`ylab tabiiy resurslarga bo`lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Afsuski, o`z ehtiyojini qondirish maqsadida insonlar tomonidan tabiatga zarar etkazish holatlariga deyarli har kuni guvoh bo`lish mumkin. Shu bois ekologik xavfsizlik masalasi bugungi davrning dolzarb muammolaridan biriga aylandi va bu sayyoramiz xalqlarini tashvishga solmoqda.

Mamlakatimizda mustaqillikning ilk kunlaridanoq ushbu masalaga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Konstitusiyamizning 50-moddasida fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishga majburligi, 55-moddasida er, er osti boyliklari, suv, o`simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekanligi, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida bo`lishi mustahkamlangan.

O`tgan qisqa davrda O`zbekiston xalqaro huquqning to`laqonli sub`ekti sifatida barqaror rivojlanishni ta`minlashga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, tabiiy resurslardan, shu jumladan, biologik resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik siyosatni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, tabiatni muhofaza qilish masalalariga oid puxta huquqiy baza yaratildi. “Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida”gi, “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to`g`risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunlarning qabul qilinishi va hayotga tatbiq etilishi sohada qonuniylikni mustahkamlash hamda fuqarolarning ekologik madaniyati yuksalishiga xizmat qilmoqda.

Jamiyatning taraqqiyot yo`lida jadal rivojlanib borayotganligi, dunyoda sodir bo`layotgan ekologik vaziyat, uning o`simlik va hayvonot dunyosiga salbiy ta`sirining oldini olishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, bu tabiiy boyliklarni kelajak avlodga etkazish va ulardan oqilona foydalanish, ularga nisbatan qonunga xilof munosabatda bo`ladigan shaxslar javobgarligini kuchaytirish, o`z navbatida, bu boradagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarni xalqaro huquqiy tajriba, zamonaviy ilm-fan va texnologiya yutuqlari asosida yanada takomillashtirish hamda zamon talablariga mos holatga keltirishni talab etadi.

Noqonuniy tutilgan hayvonot dunyosi ob`ektlari qiymatini aybdor shaxslardan undirish kim tomonidan va qanday tartibda amalga oshirilishini aniq ko`rsatish lozim.

Shunday maqsadlarni ko`zlagan holda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015 yilga va keyingi yillarga mo`ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va tashkiliy-huquqiy ishlari dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan «O`zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ham hayvonot dunyosini asrab-avaylash va ulardan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qilishi bilan birgalikda, har birimizni tabiat boyliklariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo`lish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Avvalo, mazkur qonun loyihasi amaldagi qonundan nechog`lik farqlanishi, qanday konseptual o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishi nazarda tutilgani haqida to`xtalishdan oldin uning fraksiyamiz a`zolari tomonidan alohida qiziqish bilan muhokama etilayotganligini ta`kidlash lozim. Zero, O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish, hayvonot olami va o`simlik dunyosi daxlsizligini ta`minlash orqali barqaror rivojlanishga erishish asosiy faoliyat yo`nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Ekotizimlarning emirilishga moyilligi, tabiat ob`ektlarining kuchsiz tabiiy qayta tiklanishi va takror ko`payishi, shuningdek, inson faoliyatining tabiiy majmualarga sezilarli salbiy ta`siri respublikada hayvonot dunyosini muhofaza qilishning zarurligi va o`ta muhim ahamiyatini belgilab beradi.

Fraksiyamiz qonun loyihasi havolaki normalarsiz qabul qilinishi tarafdori.

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarga chiqib, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi qonun talablarining bajarilishi va amaldagi qonun normalari doirasida huquqni qo`llash amaliyoti holatini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o`rganish natijalari qonunchilikning hozirgi kundagi rivojlanishi va xalqaro shartnomalarning qoidalarini inobatga olgan holda yangi huquqiy normalarni qabul qilish zarurati mavjudligini ko`rsatmoqda.

Qayd etish lozim, qonun loyihasi 1997 yilda qabul qilingan «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunidan mutlaqo farq qilib, u mustaqillik yillarida hayvonot olamini asrab-avaylash va ularni ko`paytirish borasida amalga oshirilgan islohotlar va shakllangan amaliyot hamda shu sohadagi xalqaro tajriba inobatga olingan holda ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida qonunchilik tashabbusi sub`ektlari tomonidan xalqaro konvensiya va bitimlar, shuningdek, ushbu sohadagi boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar, xalqaro tashkilotlarning, Evropa Ittifoqining huquqiy hujjatlari, AQSh, Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi etakchi davlatlarning, shuningdek, MDH mamlakatlarining qonunlari tahlil qilindi.

Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish zarur.

Muhokamalar davomida fraksiyamiz a`zolari O`zbekiston “Adolat” SDPning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qonun loyihasiga bir qator o`zgartish va qo`shimchalarni kiritish taklifini ilgari surmoqda. Xususan, fraksiyamiz hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi moddalar to`g`ridan-to`g`ri qonun loyihasida keltirilgan bo`lishi, bu boradagi faoliyat Vazirlar Mahkamasi, ya`ni hukumat tomonidan qo`shimcha vakolatlar evaziga emas, balki bevosita mazkur qonun asosida tartibga solinishi lozimligini qayd etadi. Qolaversa, fraksiyamiz qonun loyihasi havolaki normalarsiz qabul qilinishi tarafdori. Jumladan, qonun loyihasining 18-moddasi to`rtinchi bandida kamyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlarini tabiiy muhitdan ajratib olish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan zarur bo`lgan alohida hollarda yo`l qo`yilishiga oid qismini aniqlashtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bunday alohida hollarning aniq tasnifi mazkur qonun loyihasida havolaki shaklda emas, balki to`liq aks ettirilishi lozim.

Shuningdek, loyihaning 28-moddasida ham havolaki norma nazarda tutilgan bo`lib, unda hayvonot dunyosi ob`ektlaridan foydalanganlik uchun to`lov sifatida tushgan mablag`larni, jarima summalari va qoidabuzarlardan hayvonot dunyosiga etkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni hisobga olish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Bizning fikrimizcha, ushbu havolaki normani qonunning o`zida aks ettirish maqsadga muvofiqdir, ya`ni hayvonot dunyosiga etkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni hisobga o`tkazish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibini ushbu moddaning o`zida to`liq ifodalash kerak.

Bundan tashqari, tashabbuskorlar tomonidan qonun loyihasining 48-moddasida hayvonot dunyosi ob`ektlari, yovvoyi hayvonlarni qonunga xilof ravishda tutish quroli va vositalari, shu jumladan, transport vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qo`yilishi yoki musodara qilinishi lozimligi qayd etilgan bo`lib, qonunga xilof ravishda tutilgan hayvonot dunyosi ob`ektlarini aybdor shaxslardan olib qo`yish imkoni bo`lmagan taqdirda, ularning qiymati qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlar va tartibda undirilishi taklif etilmoqda.

Fraksiyamiz a`zolarining fikricha, ushbu taklif etilayotgan normani yanada aniqlashtirish, xususan, noqonuniy tutilgan hayvonot dunyosi ob`ektlari qiymatini aybdor shaxslardan undirish kim tomonidan va qanday tartibda amalga oshirilishini aniq ko`rsatish lozim. Shu bilan birga, hayvonot dunyosi ob`ektlari, yovvoyi hayvonlarni qonunga xilof ravishda tutish quroli va vositalari, shu jumladan, transport vositalari olib qo`yilishi yoki musodara qilinishi qaysi vakolatli organ yoki tashkilot tomonidan qanday tartiblarda amalga oshirilishi aniq belgilanishi kerak, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, fraksiyamiz hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi.

Shu sababli, fraksiyamiz a`zolari tomonidan mazkur qonun loyihasi bilan birga uning qabul qilinishi natijasida qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish talab etiladigan boshqa qonun hujjatlari, jumladan, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksiga hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi normalarni nazarda tutuvchi tegishli qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ham deputatlar e`tiboriga havola etilishi lozimligi yuzasidan takliflar bildirildi.

Shu o`rinda fraksiyamiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalaridan tarkib topgan “Demokratik kuchlar bloki” tomonidan qonun loyihasining 49-moddasi javobgarlik masalalariga bag`ishlangan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi hamda Jinoyat kodekslariga bu sohadagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi normalarni kiritish kerak emas, balki jazo muqarrarligi ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi haqidagi takliflariga qo`shilmasligini ma`lum qiladi. Fraksiyamiz tabiatni asrab-avaylash har bir shaxsning konstitusiyaviy burchi ekanligini inobatga olgan holda, qonunlarimizning har birimizni tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo`lish ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati katta ekanligi va ko`zlangan maqsadlarga bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirmasdan turib erishib bo`lmasligini ta`kidlaydi. Bu borada javobgarlikning kuchaytirilishi esa, o`z navbatida, qonun talablarining so`zsiz bajarilishini, ularga og`ishmay amal qilinishini ta`minlashga hamda har bir shaxsning jazo muqarrarligi va o`z g`ayriqonuniy xatti-harakatlarining oqibatlarini tushunib etishiga, turli huquqbuzarliklardan o`zini tiyishiga zamin yaratadi.

Umuman olganda, yuqorida fraksiyamiz a`zolari tomonidan bildirilgan takliflar qonun loyihasini yanada boyitishga, joriy etilayotgan yangi normalarning amaldagi qonun hujjatlari bilan o`zaro uyg`unligi va hamohangligini ta`minlashga va shu orqali ularning samaradorligi va ta`sirchanligini yanada oshirishga, qolaversa, fuqarolar va yuridik shaxslarning hayvonot dunyosiga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo`lish borasidagi mas`uliyatlarini kuchaytirishga hamda yosh avlodni tabiatni asrab-avaylash, uni sevib, ardoqlash ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Alisher MAXMATMURODOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O`zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a`zosi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!