«Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi Qonun mukammal bo`lishi kerak

14:54, 08 iyul

O`zXDP fraksiyasi Demokratik kuchlar blokining qonun loyihasi bo`yicha bildirgan ayrim fikrlariga qo`shila olmaydi.

Bugungi kunda O`zbekiston xalqaro huquqning to`laqonli sub`ekti sifatida barqaror rivojlanishni ta`minlashga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, tabiiy resurslardan, shu jumladan, biologik resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik siyosatni amalga oshirib kelmoqda.

Bu borada O`zbekiston XDP fraksiyasi ham o`z dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqib, ona tabiatni asrab-avaylash, bu borada keng jamoatchilik o`rtasida targ`ibot-tashviqot ishlarini olib borish masalasiga jiddiy e`tibor qaratmoqda.

Xususan, joriy yilning 26 aprelida qonunchilik tashabbusi huquqi asosida yangi tahrirda kiritilgan «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi partiyamiz fraksiyasi a`zolari tomonidan qizg`in muhokama qilindi.

Amaldagi Qonunga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalar biologik xilma-xillikning ajralmas qismi sifatida yovvoyi hayvonlarning genofondini kompleks muhofaza qilish nuqtai nazaridan huquqni qo`llash amaliyoti samaradorligini oshirishga hamda qonunchilikdagi mavjud bo`shliqlarni to`ldirishga qaratilgan yangi huquqiy normalarni mustahkamlashni nazarda tutadi.

O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, 1997 yilda qabul qilingan «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimiz hududida yashaydigan hayvonot olami, shu jumladan, ko`chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarning yashash muhitini saqlab qolish sohasidagi munosabatlarni tartibga solib kelmoqda. Shu o`rinda aytish joizki, partiyamizning Saylovoldi dasturida belgilangan — asosiy prinsiplardan biri — bu davlatning tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlashdan iboratdir.

Shu nuqtai nazardan, fraksiyamiz a`zolari tomonidan qonun loyihasini o`rganib chiqish jarayonida loyi¬hada ushbu masalaga vakolatli davlat organlari hamda ularning vakolatlari to`g`risidagi normalarning kiritilishi mazkur sohada huquqni qo`llash amaliyoti samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, deb ta`kidlandi.

Shu bilan bir qatorda, fraksiyamiz qonun loyihasining ayrim moddalari bo`yicha o`zining aniq qat`iy pozisiyasi va taklif-mulohazalarini ishlab chiqdi.

Masalan, Demokratik kuchlar bloki fikricha, hayvonot dunyosi ob`ektlarini davlat tomonidan hisobga olish va hayvonot dunyosi davlat kadastrini yuritish mexanizmlarini takomillashtirish zarur. Ularning fikricha, amaldagi Qonunning 8-moddasida hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish, hayvonot dunyosi davlat kadastri masalalariga oid normalar belgilangan bo`lib, unda hayvonlarni davlat tomonidan hisobga olish va hayvonot dunyosi davlat kadastrini yuritish Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Ushbu ishlarni O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari bilan bir qatorda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishini belgilovchi normalarning kiritilishi bugungi kunda respublika va mahalliy darajadagi tabiatni muhofaza qilish fondlari mablag`lari hamda turli grant mablag`laridan foydalanish imkonini yaratadi.

Biroq fraksiyamiz fikricha, bu ishlar faqat O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi zarur, tabiatni muhofaza qilish fondlarining mablag`laridan esa Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish maqsadida foydalanish kerak.

Shu bilan birgalikda, qonun lo¬yihasining 14-moddasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlari belgilab berilgan bo`lib, unda ushbu tadbirlarda ishtirok etuvchi xodimlarning ijtimoiy himoyasiga etarli e`tibor qaratilmagan. Fikrimizcha, qonun loyihasining hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlari belgilangan normalarida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi mansabdor shaxslarining murakkab va noqulay tabiiy iqlim sharoitlarida mehnat qilishlarini inobatga olib, ularni ijtimoiy muhofaza qilish masalalarini mustahkamlab qo`yish lozim.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari tomonidan ilgari surilayotgan ayrim moddalarni qonun loyihasidan chiqarib tashlanishi tarafdorimiz. Binobarin, qonun loyihasining 22-moddasida hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini va undan oqilona foydalanilishini, shuning¬dek, uning yashash muhiti muhofaza qilinishi va holati yaxshilanishini ta`minlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga soliq hamda boshqa imtiyozlar berish yo`li bilan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq hech bir mamlakat amaliyotida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish yoki uning yashash muhiti muhofaza qilinishi va holati yaxshilanishini ta`minlaganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarga imtiyoz qo`llanilishiga oid me`yor mavjud emas. Tabiatni asrash, undan oqilona foydalanish insoniyatning asosiy burchi hisoblanadi, bunday harakatni aslo daromad manbai yoki iqtisodiy naf keltiruvchi vazifaga aylantirib bo`lmaydi. Shu sababli ham ushbu moddani qonun loyihasidan chiqarib tashlash kerak, deb hisoblaymiz.

Shuningdek, qonun loyihasining 36-moddasi to`rtinchi qismida ov qilishda taqiqlangan qurollar va ov qilish usullarini qo`llashga yo`l qo`yilmasligi ko`rsatilgan. Lekin, shu bilan birga, ov qilishning taqiqlangan qurollari va usullari loyihada aniq ko`rsatilmagan yoki ov qilish va baliq ovlashning taqiqlangan qurollari va usullari kimlar tomonidan  belgilanishi ochib berilmagan. Bunday holat ushbu normani turlicha tal¬qin qilish va qo`llashga sharoit yaratishi mumkin. Shu sababli mazkur moddada ushbu masalani aniq belgilash lozim, deb o`ylaymiz.

Muhokamalar chog`ida qonun loyihasining hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik  masalasini  belgilovchi49-moddasida, hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablarining buzilishi keng tarqalgan xususiyatga ega ekanligiga alohida e`tibor qaratildi. Umuman olganda, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi ma`lumotiga ko`ra, respublikamizda biologik resurslarni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar, tabiatni muhofaza qilishga oid jami qonunbuzarliklarning 40 foizga yaqinini tashkil etadi.

Bizning fikrimizcha, qonunchilikda mazkur masala yuzasidan javobgarlikni belgilash bilan chegaralanmasdan, hayvonot dunyosini muhofaza  qilish va undan foydalanish, qonun hujjatlari buzilishi oldini olish samaradorligini yanada oshirish maqsadga muvofiq. Shu nuqtai nazardan, Tabiatni muhofaza  qilish davlat qo`mitasining moddiy-texnik bazasi va tabiatdan foydalanuvchilar fao¬liyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi xodimlarni kerakli jihoz va uskunalar bilan ta`minlashni kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, fraksiyamiz tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirishga muhim asos bo`lib xizmat qiladi.

Aksavli TUMIShOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O`zXDP fraksiyasi a`zosi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!