O`zbek san`atkorlari turmush o`rtoqlarining familiyasiga o`tish jarayonlari qanday kechgan?

14:45, 09 iyul

Qiz bola turmushga chiqqanidan so`n, aksariyat hollarda turmush o`rtog`ining familiyasiga o`tadi. Ammo u el nazaridagi taniqli ijodkor bo`lsa-chi? Familiyasini o`zgartirishga ko`narmikan yoki taniqli familiyasida qolishni ma`qul toparmikan degan fikrda “Hordiq” gazetasi bu savol bilan ba`zi bir ijodkor ayollarga murojaat etdi.

Madina Mumtoz: “Mening qizlik familiyam Musaeva bo`lishiga qaramay, ko`pchilik Mumtoz taxallusim orqali taniydi. Turmushga chiqqach, turmush o`rtog`imning familiyasiga o`tishga qaror qildim. Chustiy degan kamyob va noodatiy familiyam haligacha ko`pchilikni hayratga soladi. Nimagadir ko`pchilik bu familiyani taxallus deb o`ylaydi”.

Shodiya To`xtaeva: “Barcha qizlar singari turmushga chiqqach, turmush o`rtog`imning familiyasiga o`tdim. Hozir familiyam To`xtaeva emas, balki Abduqodirova. Menimcha, ijodda ism-familiyaning ahamiyati yo`q, familiyam o`zgargani bilan hamon o`sha-o`sha Shodiyaman”. 

Parizoda: “Men ham turmushga chiqqach, turmush o`rtog`imning familiyasini qabul qildim. Hozirgi familiyam Safarova. Taxallus bilan ijod qilganim bois, hech kim qizlik familiyamni bilmaydi. Familiyamni o`zgartirganim hech qanday muammo va chalkashliklarga sabab bo`lmadi. Keyin Safarova degan familiya ham yomon jaranglamaydi”.

Muhabbat Qurbonova: “Ilgarilari turmushga chiqsam, albatta turmush o`rtog`imning familiyasiga o`taman, deb orzu qilardim. FHDYo bo`limiga ariza berayotganda, hech ikkilanmay, familiyam o`zgarishiga rozi bo`lganman. Hozirgi familiyam G`ulomova. Ammo familiyam o`zgarganini aytgan bo`lsam-da, ismimni e`lon qilishayotganda haligacha Muhabbat Qurbonova deb sahnaga taklif etishadi. Yangi familiyam bilan chaqirish noqulay bo`lyapti, shekilli”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!