To`ti Yusupova: “Aktrisalikni tanlaganim uchun meni o`ldirmoqchi bo`lishgan!”

10:22, 11 iyul

El ardog`idagi ustoz san`atkor, O`zbekiston xalq artisti To`ti Yusupovaning ijodiy faoliyati xalqimiz orasida o`zining o`chmas o`rniga ega.  

Aktrisa “Hordiq” gazetasiga bergan intervyusida shu darajaga erishguncha nimalarni boshdan kechirganini so`zlab berdi.

“Esimda, 1949 yilda onam bilan birga Samarqandga kelganmiz. Onam meni Uspenskiy nomidagi xotin-qizlar bilim yurtining yotoqxonasiga joylashtirib ketgan. Darslar rus va tojik tillarida bo`lardi. Bilim yurti joylashgan ko`chaning u tomonida Hamid Olimjon nomli musiqali teatr joylashgan edi. 2-kursda bizni shu teatrga olib borishdi. U erda ilk marotaba “Boy ila xizmatchi” spektaklini tomosha qilganman-u, teatr shaydosiga aylanganman. O`qishga borsam ham xayolim faqat teatrda bo`lgan. Shu sababli texnikumni 3-kursda tashlab, teatrga ishga kirganman. Ustozim Toshxo`ja Xo`jaev Toshkentga kelib, san`at sohasida o`z o`rnimni topishimga yordam bergan. Toshkentga kelishimdan oldin oq fotiha olish uchun ustozim bilan birga buvamning oldiga borganman. Ustozimga buvamga “O`qituvchilikka o`qishga kirmoqchi, deb ayting, artistlikka o`qimoqchi ekanligimni bilmasinlar”, deganman. Ular ham meni to`g`ri tushunib, “Qizingiz qobiliyatli, undan yaxshi o`qituvchi chiqadi”, deb buvamni Toshkentga kelishimga ko`ndirganlar. Oila a`zolarim san`atni tanlaganimni bilib, meni bu yo`ldan qaytarishga urinishgan. Shu bois juda ko`p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Hatto ba`zi bir qishloqdoshlarim meni o`ldirmoqchi bo`lgan. Samarqandga spektakl qo`yish uchun kelganimizda, tomosha tugagandan keyin qarindoshlarim “Yur, seni uyga olib ketamiz”, deyishardi. Aslida, ularning niyati qishloqdagi mashina yurmaydigan burilish ko`chadagi jarlikka itarib yuborish bo`lgan ekan. Mana, hammasi ortda qoldi. Teatr san`atiga mehr qo`yganimdan boshlab, onalar obrazini yaratgim kelardi. Qani, endi tezroq peshonamga ajin tushib, sochlarim oqarsa-yu, ona rollarini o`ynasam deb orzu qilardim. Orzuyim amalga oshdi, teatr sahnasida turli-tuman ayollar, onalar obrazini yaratdim”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!