San`atni oilaviy biznesga aylantirgan o`zbek estrada xonandalari

15:18, 11 iyul

Xonandalar orasida san`atni oilaviy tadbirkorlikka aylantirgan, shu orqali ro`zg`orini tebratayotganlar bisyor. Bu yaxshimi yoki yomon? 

“7x7” gazetasi bu hol ish unumiga qanday ta`sir qilishi bilan qiziqdi.

Hosila Rahimova: “Oldingizda yaqin insonlaringiz bo`lmasa, san`atda biror natijaga erishish qiyin. Qo`lga kiritgan yutuqlarimda rahmatli otam Ibrohim hojining hissasi katta. Agar otam ijodni boshlashimga moddiy va ma`naviy ko`mak bermaganda boshqa sohaning etagini tutib ketarmidim?.. 2014 yilgacha turmush o`rtog`im O`ktam aka ma`murlik vazifasini bajarib keldi. O`z biznesi kengaygach, bu ishni sozandalarimdan biri Faxriddin Alimurodovga topshirdi. Ukam Abdumannon ham o`z yo`lini topguncha, ikkinchi hofiz sifatida to`yga men bilan birga chiqardi. Opam E`tiborxon esa konsertlarim tashkilotchisi. Eng omadli dasturlarni uning prodyuserligi ostida muxlislarga taqdim etyapman”.  

Shahzoda:  “Erishgan yutuqlarimda Ravshan akaning hissasi katta. San`atda yaxshi, uddaburon prodyusserni topish juda qiyin. Ammo menga bu borada ikki marotaba baxt qushi qo`ngan. “Tarona”dan ketganimdan keyin u hozir rasman prodyuserlik qilmaydi. Ammo kezi kelganda, ham moddiy, ham ma`naviy qo`llab-quvvatlaydi.

Dildora Niyozova: “Eng birinchi prodyuserim — dadam Sultonmurod aka bo`lganlar. Bor jamg`armalarini to`plab, ilk qo`shig`imni ovoz yozish studiyasida yozdirgan, qarz-qavola qilib bo`lsa-da, klip suratga oldirganlar. “Qiz bolani egasiga sog`-omon etkazish, yomon ko`zlardan asrash kerak”, deb akam Nodirbekni ma`mur qilib tayinlagan. Yashirishning hojati yo`q, ma`murlarning ko`pchiligi aldaydi, daromadni yashirishga harakat qiladi. Lekin biz bunaqa vaziyatga tushmaganmiz. Akamning birorta kattaroq xarajati bo`lsa, rostini aytadi. Yashirgan taqdirda ham o`sha pul ota-onamning uyiga boradi. Turmush o`rtog`im Latif aka —ish yurituvchi, radio va TVdagi chiqishim haqida bosh qotiradi.

Guli Asalxo`jaeva: “San`atkor bo`lishimda juda ko`p insonning mehnati singgan, boisi san`at faqat qo`shiq kuylash bilan chegaralanmaydi. Uning tashkiliy ishlari ham bisyor. Ilk prodyuserim opam Mavluda Asalxo`jaeva bo`ladi. Ijodim uchun moddiy-ma`naviy yordamini ayamaydi. Yakka  ijodni boshlaganimdan buyon ma`mur vazifasini turmush o`rtog`im Ravshan aka bajaradi”.

Gulsanam Mamazoitova: “ San`atkorning yonida doimo ishonchli insonlari bo`lishi shart. Ijodimni akam Otabek Muhammad Zohidning ko`magida boshlaganman. U bilan birga to`ylarga chiqardik.  Yakka ijodimni boshlaganimdan keyin prodyuser Said aka bilan hamkorlik qildim. Turmushga chiqqach, barcha tashkiliy ishlarni turmush o`rtog`im Sanjar aka o`z zimmasiga oldi. Hozir bizda prodyuser yo`q, turmush o`rtog`im bilan daromadga qarab, xarajat qilishni o`rgandik”.

Ulug`bek Rahmatullaev: “ Eng birinchi homiyim, shubhasiz, ota-onam bo`lishgan. Ilk qo`shig`imni ularning yordami bilan yaratganman. San`atkorning o`zi hamma ishga ulgurolmaydi. Tashkiliy ishlarni bajaradigan ishonchli odamlari bo`lishi kerak. Bu borada ukam Dilshodga suyanaman. Bir necha yildan buyon u ma`murlik vazifasini bajaradi”.

Lola Ahmedova: “Onam Dilbar Ahmedova asli jurnalist bo`lsa-da, biz uchun prodyuserlik sohasini ham o`rgangan. Hozir men va singlim Shahloga prodyuserlik qiladi. Ukam Abbos esa ma`mur. To`y va konsertlarda hamisha men bilan birga. Katta singlim Zulayho stilist, tashqi ko`rinish va liboslarimiz haqida qayg`uradi. Bilasizmi, san`atda, umuman hayotda begonalar pand berishi mumkin. Jigarlar esa hamisha bir-birini qo`llab-quvvatlaydi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!