O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi

09:49, 12 iyul

O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi. Fan va texnika tarixi sohasidagi taniqli olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ruben Akopovich Safarov 86 yoshida vafot etdi, deya xabar beradi O`zA.

R.Safarov 1930 yilda Andijon shahrida tug`ildi. 1953 yili Moskva yuridik institutini tugatdi. 1963 yilda nomzodlik, 1982 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1989 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

O`zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida R.Safarov Andijon viloyati adliya boshqarmasi revizori, “Andijanskaya pravda” gazetasi muharriri, Davlat matbuot qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari, “Pravda Vostoka” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida samarali mehnat qildi. Yurtimizda tarix hamda jurnalistika sohasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo`shdi.

R.Safarovning ushbu yo`nalishdagi bir qancha risola va maqolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma`lum.

Jonkuyar va mehribon inson sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan. Uning rahbarligida bir qator fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.

Akademik R.Safarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan edi.

Mohir tashkilotchi, kamtarin inson Ruben Safarovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov, Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!