Dunyoda favqulodda vaziyatlar tufayli 600 ming kishi halok bo`lgan

11:24, 12 iyul

Er yuzida kuzatilayotgan global iqlim o`zgarishlari, insoniyatning tabiatga salbiy ta`siri oqibatida ko`payib borayotgan ekologik muammolar, ba`zi mintaqalardagi epidemiologik beqarorlik har bir davlat oldiga fuqarolar muhofazasiga doir muhim vazifalarni qo`ymoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, oxirgi 20 yil ichida dunyoda favqulodda vaziyatlar tufayli 600 ming nafardan ziyod kishi halok bo`lgan. Tabiiy ofat, texnogen va ekologik xususiyatli talafotlardan jabr ko`rgan hamda boshpanasiz qolgan insonlar esa 4 milliarddan ortiqni tashkil etadi.

Istiqlolning ilk kunlaridanoq respublikamizdagi Fuqaro mudofaasi shtabi va uning joylardagi bo`linmalari qayta ko`rib chiqilib, fuqaro muhofazasi tizimiga aylantirilganini ta`kidlash joiz. Dastlab mazkur tizim O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibida Fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sifatida faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, davlatimiz rahbarining 1996 yil 4 martdagi Farmoniga binoan, ushbu boshqarma negizida O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil qilingani soha rivojida yangi sahifani ochdi.

O`tgan 20 yil mobaynida vazirlik tomonidan aholi hayoti va salomatligini saqlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish borasida davlat siyosatini yuritish, fuqaro muhofazasiga rahbarlik qilish, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat organlarining ushbu yo`nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida aniq, keng ko`lamli vazifalar izchil ro`yobga chiqarildi va bu jarayon barqarorlik kasb etmoqda. 

Bularga mos ravishda, tizimning moddiy-texnika ta`minoti butunlay yangilangani yana bir e`tiborli jihatdir. Yurtimiz va mintaqalarimiz darajasida tashkil etilgan harakatchan avariya-qutqaruv, suvda-qutqaruv, radiatsion-kimyoviy va biologik muhofaza guruhlari barcha turdagi xavfli tabiiy hodisalar hamda texnogen halokatlar, transchegaraviy ko`rinishdagi favqulodda vaziyatlarga qarshi chora-tadbirlarni tezkor va samarali amalga oshirishi uchun eng ilg`or qutqaruv uskunalari “Holmatro”, “Scubapro” qutqaruv uskunalari, maxsus transport hamda texnikalar bilan ta`minlandi. Qutqaruv avtomashinalari jahon standartlariga javob beruvchi transport vositalariga almashtirildi.

Quvonarlisi, bugungi kunda tizimda foydalanilayotgan maxsus tezkor avariya-qutqaruv transportlarining qariyb 60 foizi Samarqand, Andijon va Xorazmda ishlab chiqarilgan “Isuzu”, “MAN”, “Damas” avtomobillaridan tashkil topgan. Maxsus jihozlangan bunday mashinalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi buyurtmasi asosida ilk marotaba 2011 yilda sinov tariqasida ishlab chiqarilgan bo`lib, o`tgan vaqt mobaynida milliy avtomobilsozlik sanoati mahsulotlari barcha standartlarga javob berishi hamda har tomonlama qulayligini namoyon qildi. 

O`tgan yillar mobaynida vazirlikning hududiy boshqarmalari, “O`zgidromet” markazi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo`mitasi hamda mahalliy hokimliklar xodimlari bilan hamkorlikda respublikamizdagi suv toshqinlari, sel oqimlari va ko`chki xavfi mavjud hududlar o`rganib chiqildi. Xavfli hududlardagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida, respublika bo`yicha nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilib, ular zarur aloqa vositalari bilan ta`minlandi.

Qish mavsumida dovon yo`li hududida oppoq qorli tog`lar cho`qqisidan quyoshning zarrin nur sochib turganini ko`rsangiz, zum o`tmay, quyoshli lahzalar qahraton izg`iringa, qor bo`roniga aylanishi mumkin. Natijada yo`llarning qor bilan qoplanishi, ulkan qoyalar ustidan qor ko`chkilarining o`pirilib tushishi bilan bog`liq favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga keladi. Shu nuqtai nazardan, vazirlik tomonidan ehtimoliy favqulodda vaziyatlarda fuqarolarga zarur ko`mak berish maqsadida dovonning eng baland qismi (“Toshkent – O`sh” yo`lining 173 kilommetri)da «Qamchiq» qidiruv-qutqaruv otryadi faoliyati yo`lga qo`yildi.

Tog`liklar yonbag`rida Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirlik hamda idoralardan tuzilgan mexanizasiyalashgan guruhlar kechayu kunduz ish olib bormoqdalar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!