Moskva masjidi imomi uy qamog`ida saqlanmoqda

11:27, 13 iyul

Moskvada joylashgan masjid imomi Mahmud Velitov 27 avgustgacha uy qamog`ida saqlanadi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri. 

“Hilol” xayriya jamiyatining raisi hisoblangan Mahmud Velitovning ustidan Moskvaning Butir sudi shunday hukm chiqardi. Diniy arbob ekstremizmda ayblanmoqda.

Sud mobil, uy telefonidan, ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni, jinoiy ishda ishtirok etayotgan fuqarolar bilan muloqotda bo`lishni, jo`natma, xat, telegramma, telefonogramma jo`natishni imomga taqiqlab qo`ygan. 

Unga faqat rafiqasi, tergov organlari va kasalligi, jarrohlik operasiyasini boshdan kechirganligi sababli tibbiyot xodimlari bilan muloqot qilishga ruxsat berilgan. Uning advokati Dagir Xasavov suddan himoyasi ostidagi Mahmud Velitovga toza havo zarurligi tufayli dala hovliga borishga ruxsat berishni talab qildi, ammo uning bu talabini sud inobatga olmadi. 

Velitovning advokati sud qaroridan norozi bo`lib, shikoyat arizasini kiritdi. 

Mahmud Velitovning uyida va Xachaturyan ko`chasida joylashgan “Yardyam” masjidida tintuv o`tkazilgan. Mahmud Velitovni Rossiya IIVga qarashli Moskva ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi xodimlari ekstremizmni targ`ib etuvchi diniy adabiyotlarni tarqatganlikda va ekstremistik faoliyatda ayblab, qo`lga olgan.

Tergov ishlari natijasida kengash raisi va diniy tashkilot imomi Mahmud Velitov 2013 yilning 23 sentyabrida masjiddagi namoz vaqtida “Hizbut-Tahrir-al-Islomiy” terrorchilik guruhi a`zolaridan birini oqlab, ommaga nutq so`zlagan. Unga nisbatan RF JKning 205.2 –moddasi 1-qismiga asosan jinoiy ish qo`zg`atilgan (“Terrorizmni  omma oldida oqlash”). Mahmud Velitov uning so`zlarini har xil ma`noda talqin qilish mumkinligini tan oldi.

“Ijtimoiy tarmoqqa qo`yilgan to`rtta rolik meni ekstremistlarga sheriklikda ayblamoqda”, dedi imom.

“Hamma tomonlama chegaralanib, dunyo bilan aloqasi uzilgan dindor odam tinch qo`yishlari uchun yo`q aybini tan olishi tabiiy hol. Shuning uchun ham Mahmud Velitov qisman aybini tan oldi”, dedi advokat Dagir Xasanov.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!