Prezident Islom Karimovning yangi kitoblari nashrdan chiqdi

09:38, 14 iyul

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Ozodlik havosidan to`yib nafas olgan xalq o`z yo`lidan hech qachon qaytmaydi” va “Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir” nomli kitoblari “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi, deya xabar beradi O`zA. 

Ma`lumki, davlatimiz rahbari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yil 30 iyun – 1 iyul kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bo`lib, mazkur viloyatlarning faollari, xotin-qizlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, samimiy suhbatlashdi. 

Ushbu kitoblardan ana shu suhbatlar paytida Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar o`rin olgan bo`lib, ularda nafaqat Surxon va Qashqa vohalari, balki butun mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyoti, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, obod va farovon hayotni yanada mustahkamlash va qadriga etish, olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlarni chuqurlashtirish, bunyodkorlik ishlarini yangi bosqichga ko`tarish, yoshlarimizni sog`lom va barkamol qilib tarbiyalash kabi o`ta muhim va dolzarb masalalar bo`yicha fikr yuritiladi. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizning barcha hudud va mintaqalari singari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham ulkan o`zgarishlar ro`y bergani mazkur kitoblarda alohida ta`kidlanadi. Mustabid tuzum davrida asosan paxta xomashyosi etishtirish bilan cheklangan bu vohalarda bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yirik sanoat korxonalari, kommunikasiya tarmoqlari faoliyat ko`rsatayotgani, fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanib, qishloq va shaharlar qiyofasi tubdan o`zgarib, odamlarning turmush darajasi, ongu tafakkuri, daxldorlik hissi tobora ortib borayotgani va bunday yutuqlar zamirida mujassam bo`lgan omillar haqida teran fikr-mulohazalar bayon qilinadi. 

Mazkur viloyatlarning o`ziga xos tabiati, ulkan iqtisodiy va insoniy salohiyati, betakror qadriyat va an`analari, Surxondaryo va Qashqadaryo zaminining mard va olijanob insonlari to`g`risida Yurtboshimiz katta mehr va g`urur tuyg`ulari bilan fikr yuritadi. 

Ushbu kitoblarda tarixan qisqa muddatda Termiz, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining tanib bo`lmaydigan darajada o`zgarib, mamlakatimizning eng yirik, jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiy va madaniy markazlariga aylangani aniq misollar asosida tahlil etiladi. 

Prezidentimizning kitoblarida mustaqillik yillarida xalqimiz, Vatanimiz erishgan barcha yutuq va marralarda hamma hududlarimiz qatori Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari mehnatkashlarining ham munosib hissasi borligi chuqur minnatdorlik bilan e`tirof etiladi. 

Hajman kichik, lekin mazmunan chuqur bu kitoblarni “Ozodlik havosidan to`yib nafas olgan xalq o`z yo`lidan hech qachon qaytmaydi” degan hayotiy haqiqat bosh g`oya sifatida birlashtirib turadi. 

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Islom Karimovning mazkur risolalari istiqlol yillarida mamlakatimiz qanday og`ir va murakkab, shu bilan birga sharafli yo`lni bosib o`tgani, mustaqillik har bir viloyatimiz, shahrimiz va qishlog`imiz, har bir yurtdoshimiz hayotida buyuk o`zgarishlarga asos va zamin bo`layotganini chuqur anglashga xizmat qiladi va ana shu bebaho ne`matni qadrlab, uni himoya qilib yashashga da`vat etadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!