GM Uzbekistan faoliyati to`g`risidagi OAV xabarlariga raddiya bildirdi

10:38, 14 iyul

GM Uzbekistan o`zbek-amerika qo`shma korxonasi matbuot xizmati bir qator ommaviy axborot vositalarida e`lon qilingan milliy avtomobil sanoati atrofidagi vaziyatga aloqador maqolalarga javob tariqasida navbatdagi bayonotini tarqatdi. 

«Gazeta.uz»ga kelib tushgan bayonotda «noto`g`ri va ochiqchasiga yolg`ondan iborat xabarlar» inkor etilib, kelgusida yirik sanoat korxonalaridan birini jamoatchilik ko`z o`ngida obro`sizlantirishga barham berilishiga umid bildirilgan.

«GM Uzbekistan AJ boshqaruvi zamonaviy korporativ usullar va standartlar asosida amalga oshiriladi, — deyiladi bayonotda. — „O`zavtosanoat“ aksionerlik kompaniyasi rahbariyati „Jeneral Motors“ korporasiyasi vakillari bilan birgalikda korxona kuzatuv kengashida ishtirok etish yo`li bilan hamkorlikda rivojlanishning strategik yo`nalishlarini hal etishda qatnashadi va QKning doimiy operasion faoliyati bilan shug`ullanmaydi».

Murojaatda qayd etilishicha, GM Uzbekistan avtomobil ishlab chiqaruvchisi hisoblanib, avtomobillarni O`zbekiston Respublikasi hududida ham, uning tashqarisida ham sotish bo`yicha bevosita faoliyat olib bormaydi. Avtomobillarni sotish faoliyati bilan mas`ul distribyutorlik tashkilotlari shug`ullanadi.

«Umumqabul qilingan jahon amaliyotiga muvofiq, distribyutorlik tashkilotlari savdoni moliyalashtirish amaliyotini turli xil tijoriy banklar va moliyaviy tashkilotlar kreditlari va qarz vositalarini jalb etgan holda amalga oshiradi. Bundan tashqari, savdoni moliyalash manbalarini qabul qilishda distribyutorlik tashkilotlari faqatgina qonuniy, umumqabul qilingan mexanizmlari va vositalardan foydalanadi. Turli xil maqolalarda esa haqiqatga zid ravishda O`zbekiston Milliy banki ana shunday kelishuvlar kafolatchisi ekani aytib o`tilgan», — deyiladi kompaniya bayonotida.

«GM Uzbekistan`ning RFdagi distribyutorlari — „UzDEU Avto Voronej“ va „Uzavto Rus“ ta`sischilari tarkibida hech qanday xususiy shaxslar mavjud emas. „O`zavtosanoat“ AK, GM Uzbekistan yoki ularning ta`sir ko`rsatuvchi kompaniyalari ham ta`sischilardan emas. Shu kabi maqolalarda tilga olingan „Akademiya UzDEU“ MChJ na „O`zavtosanoat“ AK, na GM Uzbekistan`ga aloqador emas», — deyiladi bayonotda.

«Biz muqaddam eksportga jo`natilib, so`ngra O`zbekistonga noqonuniy yo`llar bilan qayta olib kelingan avtomobillarning ichki bozorda sotilish „sxemasi“ hamda ushbu maqsadlarda foydalanilgan qo`shni davlatlarning chegaradosh hududlaridagi saqlash joylari to`g`risidagi xabarlarni yana bir bor qat`iy inkor etamiz. Ularda nafaqat GM Uzbekistan, balki boshqa davlat tashkilotlari ham mutlaqo asossiz va dalilsiz ayblangan», — qayd etiladi kompaniya matbuot xizmati bayonotida.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!