Toshkentda yana bir yangi masjid qurilishi boshlandi

10:42, 14 iyul

Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Oltintepa” jome masjidining yangi binosi 2016 yil 1 fevraldagi Toshkent shahar hokimligining qaroriga asosan “Avayxon” ko`chasida ajratilgan er maydonida shaharsozlik me`yorlari va qoidalariga muvofiq qurilish ishlari boshlandi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan bunyod etilayotgan ushbu masjid uchun tayyorlangan loyihaga ko`ra, hashamatli, namozxonlar uchun juda qulay va shinam bo`lishiga alohida e`tibor qaratilgan.

Ta`kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo`shish istagidagi quruvchilar o`z mahoratlarini ko`rsatib, bor kuch-g`ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjidni obod etishning savobi ulug` ekani Islom manbalarida bayon qilingan.  Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o`sha chiroqning nuri o`chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig`for aytib turadilar”.

Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan xalqimiz ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so`rab, duo qilishadi. Bu duolarning sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi, ne`matlarini yanada ziyoda qilib beradi.

Azim poytaxtimizda qad rostlayotgan ushbu jome masjid, xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo`ladi, deb yozadi “Oltintepa” masjidi imomi I.Zuhriddinov.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!