Zuhra Solieva ilk muhabbat iztiroblarini oshkor etdi

11:09, 14 iyul

Aktrisa Zuhra Solievaning obrazlarini kuzatganimizda yuzimizga beixtiyor kulgi yuguradi. Biroq bu obrazlar zamirida ijodkorning iztirob va mashaqqatlari yashirin. Zuhra Solieva “Tasvir” gazetasiga bergan intervyusida ilk muhabbat iztiroblari haqida gapirib berdi.

“Ilk muhabbat! Bilmayman, ilk muhabbat menda qachon bo`lgan? Ammo menga kim sevgi izhor qilsa, o`sha bolani urardim. Sinfdosh qizlar esa, “jinni sevib qolsa yaxshi-yu...” deyishardi. “Yo`q, nega meni sevasan? Hey, katta tanaffusda maktabning orqasiga o`tgin!” derdim-u, urardim. Bir sinfdoshim meni sevib qolib, lekin mendan qo`rqqanidan aytolmay yurgan ekan. O`rnimga dars qilib kelardi. Bir safar biologiya darsida men uchun kerakli ko`rgazmaga qo`yiladigan narsalarni taxtadan yondirib, chizib, tayyorlab kelgan. Men esa, “Nega men uchun tayyorlab kelasan?” deb, olib kelgan narsasini sindirib tashlaganman. Bechoraning ikki ko`zi yoshga to`lgandi. Hech o`sha holat, uning yig`lagani ko`z oldimdan ketmaydi. Necha yil davomida unga gapirmaganman. Oradan ancha yil o`tgach, Toshkentda uchrashib qolib, o`sha voqeani eslab rosa kulganmiz. O`zi rahmatli egizagim Fotima bilan o`xshash bo`lganimiz uchun birimizni yoqtirgan odam, ikkinchimizni ham yoqtirib qolardi. Fotima juda nazokatli, bosiq qiz edi. Men esa uning aksi juda sho`x edim. Shunda ham yaxshi ko`rib qolishardi. Birov meni yoqtirib qolsa, “Bor, Fotimani sev, u nozikroq”, derdim, unga gapirsa, “Bor, Zuhrani sev bir xilmiz-ku!” derdi.  Dadamning bir shogirdi bor edi. Ilk marotaba unga ko`zim tushganda yuragim g`alati bo`lgan. O`sha sevgi bo`lsa kerak-da. O`sha yigit sovchi yuborganda ba`zi qo`shnilarim turli g`iybatlar bilan oramizni buzgan. Ana shu g`iybatlar tufayli rosa iztirob chekkanman. Buni qarangki, yillar o`tib o`sha qo`shnilarimning aytgan gaplari o`zlariga qaytgan”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!