Yodgor Sa`diev: “Yana etim bo`lib qoldim...”

11:39, 14 iyul

Sa`dievlar xonadoni og`ir judolikni boshdan kechirdi. Yodgor Sa`dievning rafiqasi san`atshunos olima Zaylixon Sa`dieva xastalik tufayli bu yorug` dunyoni tark etdi. O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev o`z kechinmalari haqida “Bekajon” gazetasi bilan o`rtoqlashdi.

“Otam olamdan o`tgandan so`ng ikki oydan keyin men tug`ilganman. Onam akam ikkimizni oq yuvib, oq taradilar. Birovdan kam qilmay voyaga etkazib, o`qitdilar, uyli-joyli qildilar. Onam rahmatli otam yo`qligini bildirmay, akam ikkimizni xalq artisti darajasiga etkazdilar. Biz onamga suyanib qolgan edik. Onamning vafotidan keyin etim bo`lib qoldim. Zaylixon etimligimni sezdirmadi. U nihoyatda dono ayol edi. Men bilan elkama-elka turib, ijod qilishimga ko`maklashdi. Uning oqilona maslahatlari hayotimda va ijodimda ko`p bora foyda keltirgan. 55 yoshga to`lganimda, yubiley kechasida “Sebzorlik yigit” degan kitobini nashr ettirib, sovg`a qilgandi... Zaylixonda ayoliy fazilatlarning barchasi mujassam edi. Har bir narsaga to`g`ri nazar bilan qarardi, har bir muammoning echimini to`g`ri topa olardi. Shu paytgacha menga ko`z yoshini ko`rsatmagan, dardga judayam chidamli, shu bilan birga kuchli va matonatli ayol edi. 1976-1980 yillarda gastrol safariga ketganimda, chiroyli satrlar bilan sog`inch maktublarini bitardi. Har kuni erta tongda uyg`onganimda jilmayib, qarshi olardi. U o`qimishli va ziyoli ayol edi. Hech qachon g`iybat qilganini, kimnidir yomonlaganini eshitmaganman. Zaylixon erta vafot etadi deb o`ylamagandim. U meni yolg`izlatib ketdi. Zaylixonning vafotidan keyin yana etim bo`lib qoldim. Ammo farzandlarim va nabiralarim etimligimni bildirishmayapti. Men Zaylixon uchun ham yashashim kerak.

Azizlarim! Sizlarga aytar gapim, bir-biringizni asrab-avaylang. Umringizning har daqiqasi g`animat ekanligini unutmang!”

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!