Hali 30 yoshga kirmagan yigit jirkanch jinoyati oqibatida uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi

12:10, 15 iyul

Giyohvandlik qanchalik mudhish illat ekani, uning kasofati bilan har yili minglab insonlar dunyodan erta ko`z yumayotgani, qancha-qancha oilalar parokandalikka yuz tutib, farzandlar etim qolayotgani hech kimga sir emas.

Shunga qaramay, oramizda bu jirkanch jinoyat orqali mo`may daromad orttirishga intilib, oxir-oqibat el-yurt oldida yuzi shuvit bo`layotganlar uchrab turibdi. Ular odil sud qarshisida  hisob berib, o`z qilmishiga munosib jazoga tortilmoqda. Yaqinda Jinoyat ishlari bo`yicha  Toshkent viloyati  Yangiyo`l tuman sudida ko`rilgan jinoyat ishi ham fikrimizga dalil bo`la oladi. 

Sud hukmiga ko`ra, hali o`ttizga ham bormagan Surxondaryolik yigit Faxriddin Mullaev o`z qilmishi sababli uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hali uylanishga ham ulgurmagan yigitning nojo`ya xatti-harakalari uning kelajagini ham so`roq ostiga qo`ydi. 

Faxriddin shu paytgacha aniq bir ishning boshini tutmagan, biroq qaerdan mo`may daromad hidini olsa, uyqusi qochadiganlar xilidan edi. Kunarning birida tog`asi Ubaydulla Salamatov unga “yog`li” bir ish haqida gap ochib qoldi. Gap shundaki, U.Salamatov ilgari ham narkotik moddalar savdosida ayblanib, sudlangan, biroq qamoqdan chiqqach to`g`ri yo`lni tanlash o`rniga yana eski “hunari”ni ishga sola boshlagandi. 

Ma`lum bo`lishicha, dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo`lmagan “Ilhom” ismli shaxs Ubaydulla Salamatovga Tojikiston Respublikasidan mamlakatimiz bojxona nazoratini chetlab o`tgan holda ko`p miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasini etkazib turgan. Ubaydulla o`z navbatida jiyani Faxridin orqali bu “zahri qotil”ni mazkur jinoiy halqaning yana bir bo`g`ini hisoblangan Tilla Abdulhakimovga etkazgan. Tilla Abdulhakimov esa, “tovar”ni Toshkentdagni jinoiy sherigi B.Atabaevga jo`natib yuborgan. Albatta, Atabaev ham “og`u”ning bir qismini o`zi iste`mol qilishi uchun olib qolar, qolganini esa, ustamasi bilan  tanish-bilishlariga pullashga urinardi. 

Bu gal ham bari puxta o`ylangan reja bo`yicha boshlandi. 2015 yilning 15 may kuni “Ilhom”  ko`p miqdordagi “opiy”ni chegaradan aylanma yo`llar orqali O`zbekistonga olib kiradi. Ubaydulla ushbu “tovar”ning har grammi uchun 15 ming so`mdan naqd sanab bergach, jiyanini yoniga chaqiradi: “Bu erda naq 200 gramm “qoradori bor”, sen uni Tilla akangga olib borib bersang, har grammiga 20 ming so`mdan sanab beradi”.

Bu savdodan yaxshigina ulush olishini bilgan Faxriddin “tovar”ni qo`ltiqlagancha Tilla Abdulhakimovning uyiga yuguradi. Sherilkar bu gal uni aldamaganiga ishonch hosil qilgan Tilla Faxriddindan 4 million so`m berib yuboradi. 

Tilla bu “xomashyo”ni shundayligicha sotmas, aksincha uni “pishitib” tarkibidagi ortiqcha moddalarni ajratib olar, hosil bo`lgan “mahsulot”ning har grammini toshkentlik “xaridoriga” 100 ming so`mdan pullardi. Albatta, “qayta ishlash jarayonida, 200 gramm “xomashyo”dan 85 gramm “asl mahsulot” hosil bo`lgandi. Shunda  uning tannarxi ham, foydasi ham bur necha baravar oshardi. Tilla bu gal  ham xuddi shunday yo`l tutdi. 

Termizdan Toshkentga qatnaydigan mashinalar maydonchasiga kelib, haydovchilardan birini yoniga chaqirdi.va qo`liga bank kassasida o`ralib muhrlangani ko`rinib turgan  bir necha taxlam pulni uning qo`lga tutqazdi: “Shu “omonat”ni toshkentlik bir “akaxon”ga etkazish kerak!” Haydovchi ma`lum to`lov evaziga pulni o`z egasiga etkazishni o`z zimmasiga oldi. 

Sodda haydovchi taxlab o`ralgan mingtalik va besh yuztalik pullarning o`rtasi o`yib olinib, ichiga naq 85 gramm “og`u” joylanganini qaerdan ham bilsin? “Omonat”ni qabul qilib olgan B.Atabaev “zahri qotil”ning bir qismini o`ziga olib qoldi. Yana bir qismini har grammini 120 ming so`mdan M.Asqarov va H.Hasanvlarga pulladi. Sotish uchun esa, hali yana anchasi qolgandi. 

Ko`p o`tmay yana bir xaridor o`z oyog`i bilan keldi. Anchadan beri bu jinoiya guruhning hatti-harakatlari huquq-tartibot organlari e`tiboriga ham tushib bo`lgandi. Shu bois, B.Atabaev 0,21 gramm giyohvand moddani sotib olish uchun u bilan uchrashuv belgilagan navbatdagi xaridorning kimligini bilolmay qoldi.

Sotuvchi va “xaridor” poytaxtimizning kichik xalqa yo`li chetida joylashgan yoqilg`i quyish shoxobchasi yonida ko`rishadigan bo`ldilar. U 0,21 gramm “opiy”ning pulini cho`ntagiga solib ulgurmasidan organ xodimlari tomonidan qo`lga olindi. 

Tergov davomida jinoiy halqaning boshqa a`zolari ham birma-bir aniqlandi. Bu “to`da”ning har bir a`zosi o`z qilmishiga yarasha jazoga tortildi. Ular qatorida Faxriddin Mullaev ham jinoyat qonunchiligida belgilangan tartibda, aniqrog`i 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Xalqimizda “jinoyat jazosiz qolmaydi” degan naql bor. Ammo, kimningdir xatosi va topgan “oqibati” boshqalar uchun ibrat bo`lganida edi, bu kabi jinoyatlarning soni qisqargan bo`larmidi?

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!