Bezorilar ichki ishlar xodimiga hujum qildi

14:35, 15 iyul

Mamlakatimizdagi har bir go`shada  osoyishtalikni ta`minlash, turli huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olish, davlat tasarrufidagi tashkilotlar hamda fuqarolarning mol-mulk va xonadonlari bekamu-ko`st saqlanishida qo`riqlash tizimidagi ichki ishlar idoralari xodimlari ham munosib hissa qo`shib kelmoqda. 

O`sha kuni Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Qo`riqlash boshqarmasi 4-alohida milisiya bataloni 1-milisiya otryadi bo`linma komandiri, kichik serjant Bobir Mirzaev o`zining avtomashinasida, G`uzor tumani Eshonquduq qishlog`i hududida joylashgan maxsus ob`ektlarda qo`riqlash ishlarini amalga oshirayotgan xodimlar faoliyatini tekshirish maqsadida yo`lga tushgan edi. Shu payt oq rangli, davlat raqamlari echib qo`yilgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinasi  uning orqasidan kuzatib kelayotganini payqab qoldi. Haligi mashina shu zahoti uni  quvib o`tib, yo`l chetiga to`xtadi.

Shu vaqtda, ulardan  chamasi 700 metr uzoqlikdagi yo`l chetida davlat raqamlari echib qo`yilgan yana bir qora “Neksiya-2”  to`xtab turardi.

G`uzor tumani Eshonquduq qishlog`ida aholisidan olingan  ma`lumotlarga ko`ra, oq “Neksiya-2” avtomashina haydovchisi, gaz kondensati mahsulotlarini o`g`irlab sotish bilan shug`ullanuvchi fuqaro T.X. (ism-familiyasi  o`zgartirilgan) ekani ma`lum bo`ldi. 

T.X. avtomashinasidan tushib, kichik serjant B.Mirzaevning mashinasi yo`lini to`sib chiqdi. Kichik serjant darhol mashinasini chetga olib, tormozni bosdi.  T.X. esa he yo`q, be yo`q  avtomashina eshigini ochib, B.Mirzaevga o`shqirdi:

— Sen bu erda  nima qilib  yuribsan? Nega ishimizga burun tiqyapsan? Ochig`i, sen jonimizga tegib ketding! Seni o`ldirib yuborish qo`limizdan keladi!

Shu vaqtda oq rangli “Neksiya-2” avtomashinasidan to`rt nafar shaxs temir bo`laklari va tayoqlar bilan qurollangan holda tushib kelishdi. 

—  Mashinasining balonini teshlaring, — buyurdi “to`daboshi” T.X. sheriklariga va  o`zi kichik serjant B.Mirzaevni avtomashinadan tortib tushirishga harakat qildi.

Xavfni sezgan kichik serjant bezorilarning tahdididan o`zini yo`qotib qo`ymadi. T.X.ni qo`lini siltab tashladi-da, yonidagi PM-rusumli tabel quroli — to`pponchasini g`ilofidan chiqarib, jangovar holatga keltirdi.  

Shunda, T.X. kichik serjant Boburning qo`liga tirmashib, to`pponchani tortib olishga urindi. Biroq Bobur chaqqonlik bilan T.X.ni  o`zidan nari itardi. 

— Menga yaqinlasha ko`rmalaring! – Bobur shunday deya mashinadan chiqmagan holda to`pponchadan bir marotaba osmonga qarata ogohlatirish maqsadida o`q uzdi.

T.X va uning sheriklari bu signalga parvo ham qilishmadi. Aksincha, mazax qilgandek tirjayib yaqinlasha boshlashdi: 

— Qani ot, nega cho`chiyapsan? Qo`lingdan keladimi?

Bu kimsalar bilan murosa qilib bo`lmasligiga ko`zi etgan Bobir mashinadan tushdi va yana ikki marta osmonga o`q uzdi.

—  Sizlar bilan hazillashayotganim yo`q! Menga yaqinlashmanglar, aks holda, bu gal o`qni sizlarga qarata uzishga majbur bo`laman!

Tahdid soluvchi shaxslar uni o`rab olishmoqchi bo`lishganda,  u yana ikki marotaba ularning avtomashinasiga qarata o`q uzdi. Shundan so`ng, ular o`z mashinalariga o`tirib, 700 metrcha narida, yo`l chetida to`xtab turgan, raqamsiz qora “Neksiya-2” oldida to`xtadi. Har ikkala mashinadagi shaxslar to`planib, bir muddat nimalarnidir muhokama qilishdi. Keyin yana o`z mashinalariga chiqishdi-da, ko`zdan g`oyib bo`lishdi. 

Kichik serjant B.J.Mirzaev voqea joyidan ketmagan holda sodir bo`lgan holat bo`yicha darhol viloyat Ichki ishlar boshqarmasining  navbatchilik qismiga qo`ng`iroq qilib, hodisa yuzasidan  axborot berdi. Oradan ko`p vaqt o`tmay olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qochib qolgan jinoyatchi T.X. o`z avtomashinasida qo`lga olindi.

Hozirgi paytda holat yuzasidan jinoyatchi T.X.ning davlat raqamlari echib qo`yilgan qora rangli “Neksiya-2” avtomashinasida qochib qolgan sheriklarini aniqlash borasida tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Elmurod Qo`ziev,
“Qo`riqlash” birlashmasi Matbuot guruhi katta inspektori

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!