Farzand tarbiyasida adashganim qimmatga tushdi!

11:50, 18 iyul

Uyimizda Saidaga bir soqol qo`ygan yoshgina yigit dars o`tib o`tiribdi

Samarqand viloyatining chekka bir qishloqlaridan birida yashaymiz. Turmush o`rtog`im qo`li gul usta, o`zim tumanimizdagi bozorchada kiyim-kechak sotish bilan shug`ullanaman. Uch nafar farzandimiz bor. Kattamiz qiz, undan keyin ikki o`g`limiz dunyoga kelgan. To`ng`ichning qiz bo`lishi yaxshi ekan-da. Onaga yordamchi, tayyor dastyor bo`larkan. Qizim Saida ukalarini ko`tarib katta qildi, ulg`aygani sari menga ko`maklashib, uy ishlarini qo`limdan oldi.   Kun ketidan kun o`tib, qizimning kamolidan xursandchiligim ichimga sig`mas edi.

Pul topish ilinjida asosiy vaqtimni bozorda o`tkazib, farzandlarim, ayniqsa, qizimga vaqt ajratish esimga ham kelmabdi. Undagi o`zgarishlarni payqamabman. Qachonki hijobga kirmoqchiligini aytganda hayratdan og`zim ochilib qoldi. To`g`risi, zamonaviy kiyim kiyishga anchagina o`ch bo`lgan qizim nega birdan o`zgarib qolganiga aqlim etmadi. Undan bu haqda so`raganimda, shuncha payt gunohga botib zamonaviy kiyinib yurgani, endi esa o`zini dinga bag`ishlash niyati borligini aytdi. Saidaga yotig`i bilan tushuntirishga harakat qildim, lekin u bilganidan qolmas edi. Turmush o`rtog`im menga ham qizimga ham tanbeh berdi.

Ikki-uch kun uzog`i bilan bir hafta qizimizning harakatlari, o`zini tutishidan xavotirlanib yurdik. Keyin esa men ham dadasi ham bu haqda to`xtalmay qo`ydik. Men bozorda, turmush o`rtog`im birovlarning uyida ustachilik qilib kun o`tkazib, yana avvalgiday yashashda davom etdik. Saidaning hijobda yurishi, besh mahal namoz o`qishiga ko`nikib qoldik. Qaytaga bundan g`ururlanish hissi uyg`ona boshladi. “Biz qilmagan ishlarni qizimiz bajaryapdi”  deb boshqalarga maqtanib yurdim. Har kuni kechki payt Saida nimalarnidir daftariga yozar yoki bo`lmasa yozilgan narsalarni o`qirdi. Bir kuni undan daftardagi narsalarni kim o`rgatayotgani haqida so`raganimda, kitoblardan ko`chirib yozayotganini aytdi. Daftarini ochib o`qib ko`rdim,  diniy duolar ekan, birontasiga ham tushunmadim.

Asta-sekin Saida bizga iymon-e`tiqod, din, ota-ona va farzandlarning burchlari haqida pand-nasihatlar bera boshladi. Bundan dadasining jahli chiqdi. Undan diniy amallarni ko`r-ko`rona bajarishni bas qilishni qat`iy talab qildi. Unga kim ta`sir o`tkazayotgani haqida surishtira boshladi. Saidaning telefonini olib qo`ydi. Shunda ham qizimiz uyga qamalib olib diniy kitoblar va daftariga yozilgan diniy ma`lumotlarni o`qishni to`xtatmadi. Unga kim qanday ta`sir o`tkazayotgani haqida o`ylardik. Men-ku bunga unchalik e`tibor bermay, bozordagi ishlarimni bitirib yuraverdim. Lekin turmush o`rtog`im qizimizning harakatlaridan  qattiq siqildi. Hatto aroq ichishni boshladi. Buni ko`rgan Saida otasiga yanada ko`proq nasihat qilar, ba`zida ikkalasi janjallashib ham qolardi. Shu-shu ota va qiz o`rtasiga sovuqchilik tushdi. Turmush o`rtog`im qizimiz nasihat qilgan kuni ataylab ko`proq ichib keladigan odat chiqardi.

      Bir kuni bozordan ertaroq uyga kelsam, ne ko`z bilan ko`rayki, uyimizdan begona erkakning ovozi eshitildi. Sumkamdan kalitimni oldimda darvozani asta-sekin ochdim va yana qulflab qo`ydim. Ovoz chiqayotgan tomonga yurdim. Derazadan quloq solsam, kimdir arab tilida duo o`qiyapdi. Uning kimligini bilish uchun eshikni borib ochishga sabrim etmadi. Shartta derazani ochib ichkariga qarasam Saidaga bir soqol qo`ygan yoshgina yigit dars o`tib o`tiribdi. Ular meni ko`rishi bilan bir qo`rqib tushdi va o`rinlaridan turib oldi. “Mana endi bildim qizimizga kim ta`sir qilayotganini, miyasini zaharlayotganini” desam “unday demang opa biz olloh yo`lida bilim o`rganyapmiz” deydi yigit.

Ovozim boricha baqirib urishay desam, qo`shnilar bor, sharmanda bo`laman. Qizimning nomi qora bo`ladi. Sassiz yig`lardim. Yigitning kimligini so`radim, qo`shni qishloqdan ekan. Qariyb bir oydan buyon uyga  kelib qizimga dindan dars berib yurgan ekan. Na men na turmush o`rtog`im bu haqda bexabarmiz. E`tiborsizligimiz shu erda bilindi. Saida va qo`shni qishloqda yashovchi bu yigit telefon orqali tanishgani, ular bir-birlari bilan  din borasida suhbat qurishi haqida menga ma`lum qilishdi. Qizimga boshqa telefon qilmasligi va bu erga qadam bosmasligini, aks holda milisiyaga arz qilishimni  aytib, yigitni uydan haydab soldim. Bo`lib o`tgan voqealar haqida turmush o`rtog`imga bildirmadim.

Oradan uch kun o`tib uyimizga uchastka noziri va yana uch nafar kishi  keldi. Ular Saidani tuman ichki ishlar bo`limiga olib ketayotganini ma`lum qildi. Nima uchun olib ketayotgani haqida o`sha joyda tushuntirishini bildirdi. Dadasi va men shosha-pisha tuman ichki ishlar bo`limi idorasiga bordik. Yo`lda ketguncha, turmush o`rtog`imga ikki-uch kun oldingi voqeani chala-chulpa gapirib bordim. U erga borganimizda ma`lum bo`ldiki, uyimizga kelib Saidaga dindan dars berib yurgan yigit va uning boshqa sheriklari dinni niqob qilib, davlatga qarshi noqonuniy ishlar bilan shug`ullanib yurgan nopok kishilar ekan. Qizimiz ham ularga aralashib qolibdi. Bu gaplarni eshitdim-u, ko`z oldim qorong`ilashib, muzlab ketdim. “Qizimda ayb yo`q uning o`rniga meni jazolanglar, hamma ayb menda unga vaqt ajratolmadim” pichirlayman. 

Bozorga chiqib, ozgina pul topganimga hursand bo`lib, farzandlarimga vaqt ajratishni o`ylab ham ko`rmabman men ahmoq! Bu dunyoda hech  bir narsa bilan  o`lchanmaydigan, pulga sotib olib bo`lmaydigan narsalar borligini anglab etdim! Faqat endi juda kech! Boshim devorga tegdi-yu, ko`zim ochildi.  Farzand tarbiyasida adashganim qimmatga tushdi.

“Vaqting ketdi — baxting ketdi” deb bejiz aytishmas ekan. Bozorga chiqib pul topaman deb farzand tarbiyasiga vaqt ajratolmaganim uchun baxtimdan ayrildim. Farzandni dunyoga keltirish bilan ish bitmasligi, uning tarbiyasi bilan o`z vaqtida shug`ullanish naqadar muhim ekanligi mening hayot yo`limda yana bir bor o`z isbotini topdi.

Feruza Ochilova,  Samarqand viloyati

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!