Dunyoning taqdirini hal etuvchi siyosatchi ayollar qanday yashaydi?

16:45, 18 iyul

Dunyoning taqdirini hal etuvchi siyosatchi ayollarning qanday yashashi bilan sizni “Lady.mail.ru”  nashri tanishtiradi.

Margaret Tetcherdan so`ng ilk marotaba Qo`shma Qirollik bosh vaziri lavozimini Devid Kemeron iste`foga chiqqandan keyin mamlakat sobiq ichki ishlar vaziri Tereza Mey egalladi. Siyosat bilan shug`ullanuvchi ayollarning davlat ishlaridan qo`li bo`shaganda yana nimalar bilan shug`ullanishi  sizlarga qiziq bo`lishini hisobga olgan holda, bu haqda hikoya qilishni lozim topdik.

Tereza Mey
59 yoshda, Buyuk Britaniya bosh vaziri

Tereza Mey turmush o`rtog`i bankir Filipp Mey bilan Oksfordda o`qib yurganda tanishgan. Ular kichkinagina Sonning shaharchasidan uy olishgan, Jorj va Amal Klunilar uning yon qo`shnisi hisoblanadi. Er-xotin Alp tog`larida piyoda yurishni xush ko`radi. Tereza Mey turmush o`rtog`i bilan baxtli hayot kechirsa-da, farzandi yo`qligidan qalbi kemtikligini yashirmaydi. Unga onalik baxti nasib bo`lmagan.   

“Bizning farzand ko`rish imkonimiz yo`q. Taqdirga tan berdik va olg`a yurishda davom etmoqdamiz. Bu kamchiligim uchun hech kim meni ayblamaydi, deb umid qilaman. Menga boshqalarni tushunish, g`amxo`rlik, xayrixohlik qilish tuyg`ulari begona emas”,  deydi Tereza Mey.

Tereza Mey yorqin rangli va dekolte ko`ylak kiyishni yoqtiradi. Uning qoplon terisi naqshi tushirilgan tufli kiyishni xush ko`rishi haqidagi xabarni, bosh vazir lavozimiga tayinlangani haqidagi xabardan so`ng muhokama qilmagan odam qolmadi. Bosh vazirning fikricha, boshqalarning gapiga kirib, inson o`zligidan voz kechishi shart emas. “Donolik bilan birga kiyim-kechakni ham sevish mumkin. Kareraga erishgandan keyin ham kiyim-kechakni yaxshi ko`rish mumkin!”deydi u.

Angela Merkel
61 yoshda, Germaniya kansleri

Merkel ikki marotaba turmushga chiqqan. U o`zining birinchi nikohini yoshlik xatosi deb hisoblasa, ikkinchisini aksincha, baxtli nikoh deb ataydi. Angelaning turmush o`rtog`i  Ioaxim Zauer omma oldida o`zini ko`z-ko`z qilishni va dabdababozlikni yoqtirmaydi. U rafiqasi bilan biror joyga boradigan bo`lsa, xususiy samolyotda emas, davlat samolyotida uchadi. Rafiqasiga teatrdan tortib, piyoda sayr qilishgacha hamrohlik qiladi.

“Men ayollarning teng xuquqligi uchun kurashadigan feministmanmi? Yo`q, men hukumat tepasida o`tirgan ayol namunasi bo`lsam-da, feminist emasman. Agar o`zimni ulardan biriga tenglashtiradigan bo`lsam, haqiqiy feministlar mendan o`pkalagan bo`lardi”, deydi Angela Merkel.

Merkelning ham farzandi yo`q, shunga qaramay, davlat ishlaridan bo`sh paytida bog`da ishlashni, futbol tomosha qilishni, ovqat pishirishni yaxshi ko`radi. Har kuni ertalab o`z qo`llari bilan eriga nonushta tayyorlashga ham vaqt topadi. Uning kiyinishi ham o`ziga xosdir. U bir paytning o`zida xilma-xillikni ham yomon ko`radi ham yaxshi ko`radi. “Kansler har doim turli rangdagi bir xil pidjakda yuradi”, deb kulgiga oladi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari.

Elvira Nabiullina
52 yoshda, Rossiya markaziy banki raisi va prezident yordamchisi

Hali aspiranturada o`qib yurgan paytlaridayoq Elvira MDU o`qituvchisi bo`lgan Yaroslav Kuzminovga turmushga chiqqan edi. Ularning o`g`il farzadlari bor. Nabiullinaning fikricha, siyosatchi ayol boshqa hamkasblaridan keskin farq qilishi lozim. U turli rangdagi kostyum va tomoqni bo`g`ib turadigan koftalar kiyadi. Yillar davomida soch turmagini o`zgartirmaydi va hech qachon kosmetikadan foydalanmaydi. Ba`zida o`ziga erk berib, ko`zga yaqqol tashlanadigan sharflarni tashlab oladi.

“Iqtisod nimaligini tushunmasdim, meni noma`lumlik o`ziga jalb etdi”– deydi  Elvira Nabiullina

Nabiullina — juda sirli ayol bo`lib, shaxsiy hayoti haqida gapirishni yoqtirmaydi. Shunga qaramay, uning chiroyli mebellarni to`plashni xush ko`rishi ko`pchilikka ma`lum. Uning xonasida yong`oq daraxtidan yasalgan, charm qoplangan Italiya mebeli mavjud. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, siyosatchi ayol Moskvadaga ko`p qavatli uylardan birida joylashgan oddiygina uch xonali uyda istiqomat qiladi.

Valentina Matvienko
67 yoshda, Rossiya Federal majlisi Federasiya kengashi a`zosi

Valentina Matvienko turmush o`rtog`i Vladimir Matvienko bilan institutda tanishgan, ular kursdosh bo`lgan. Juftlikning yagona o`g`il farzandi bor. 2010 yilda Valentina Matvienko buvi bo`ldi. Davlat ishlaridan qo`li bo`shaganda asosiy vaqtini nevarasi bilan o`tkazadi. Turmush o`rtog`i Vladimir Matvienko esa bu baxt nashidasini surolmaydi. Chunki u bir necha yillardan beri og`ir kasallik tufayli nogironlik aravachasiga mixlangan va Sankt-Peterburg yaqinida joylashgan xos uyda yashaydi. 

“Ayol kishining siyosatdagi o`rni, erkak kishining siyosatdagi o`rni kabi gaplarni, taqqoslashlarni yoqtirmayman...” deydi Valentina Matvienko.

Siyosatchi ayol rasm chizishni, tennis o`ynashni va tog` chang`isida uchishni xush ko`radi.

Matvienko kiyim tanlashda unga stilist yordam berishini yashirmaydi, yorqin ranglardagi kostyum va zalvorli aksesuarlar ishlatishni, qimmatbaho po`stin, rang-barang sharflar taqishni yoqtiradi.

Shayx Hasina Vazed
68 yoshda, Bangladesh bosh vaziri

Bu achchiq qismatli ayolni evropalik siyosatchi ayollar bilan tenglashtirishning o`zi og`ir masala. Chunki islom dini hukmronlik qilgan mamlakatda ayol kishining hukumat tepasiga kelishi juda qiyin ish. Dovyurak, irodali, jasur Shayx Hasina boshidan kechirgan falokatlarni boshqa odam ko`tara olmasligi tayin edi. Mamlakatdagi davlat to`ntarishi, quvg`in, teraktlar, suiqasd, ota-onasining, aka-ukalarining halok bo`lishi kabi fojia menman degan erkakning ham irodasini sindirishi mumkin. Ammo metin irodali bu ayol o`ziga va xalqiga nisbatan bo`lgan ishonchni yo`qotmadi.

“Tarixda sening shaxsiy muvaffaqiyatlaring emas, balki odamlar qalbini larzaga sola olgan harakatlaring qoladi. Shaxsiy ish uchun biror daqiqa ortiqcha vaqtim yo`q”– deydi

Shayx Hasina.
Shayx Hasinaning turmush o`rtog`i fizik-yadrochi bo`lib, ular 40 yil birga turmush kechirishgan. Ammo 2009 yilda uning turmush o`rtog`i vafot etgan. Lekin u yolg`iz emas, Shayx Hasina etti nevaraning sevimli buvijoni. Ba`zida bo`sh vaqt topsa badminton o`ynashni yoqtiradi. Ammo bunday vaziyat kamdan-kam hollarda ro`y beradi, “Men har bir daqiqamni mamlakatim xizmatiga bag`ishlashim kerak”, deydi u.

Mishel Bachelet
64 yoshda, Chili prezidenti

Mishel har doim o`ziga katta e`tibor bergan holda, sochlarini chiroyli turmaklab, ixcham taqinchoqlar taqib, turli rangdagi kostyumlar kiyadi. Bundan tashqari, uning labidan tabassum, ko`zidan mehr-muhabbat arimaydi. Mishel Bachelet haqiqatan ham Chili xalqining onasidir.

“Bundan 5, 10, 20 yillar ilgari Chili prezidenti ayol kishi bo`ladi, deb kim  o`ylagandi? Mening gunohlarim ko`p, eridan ajrashgan, sosialist va agnostik ayolman!”–deydi Mishel Bachelet.

Mishel Bachaletning ham hayoti silliq kechmagan. Uning otasi qamoqxonada vafot etgan, o`zi ham umrining bir necha yilini panjara ortida o`tkazgan. Ammo bugun Chili prezidentiga qarab turib, bunga ishonish mushkul. U hayotga tashnaligi, ochiq ko`ngilligi, tabassumi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uning uch farzandi bor, ular turli otalardan dunyoga kelgan. Hozirda Chili prezidentining boshi ochiq, eridan ajrashgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!