Hijobga “o`ralgan” hiylalar

16:56, 18 iyul

Mamlakatimizda ayollarga hurmat-ehtirom ko`rsatilib, ularning sha`ni, qadr-qimmati  ko`klarga ko`tarilmoqda. Men ham bir o`zbek ayoli sifatida biz ayollarga ko`rsatilayotgan g`amho`rlik va e`tibordan  sevinch hislarini tuyaman.

Yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan o`z o`rnida foydalangan opa-singillarimiz bugun turli sohalarda boshqalarga o`rnak bo`lsa arzigulik ishlarni amalga oshirmoqda. Bugun ayol-deputat, ayol-shifokor, ayol-tadbirkor, xullas, hayotning har bir jabhasida ayollarimizning o`z o`rni borligi kishini quvontiradi.

Bularni ko`rib, menda beixtiyor g`ururlanish, faxru iftixor  hissi paydo bo`ladi. Shu kunlarga etkazganiga shukronalar aytaman! Lekin, afsus va nadomatlar bo`lsinki, ayrim opa-singillarimiz, ularni opa-singillarimiz deyishga ham uyalaman,  o`zbek ayoliga yarashmaydigan ishlarni qilayotgani ko`pchilikning dilini xira qilmoqda.    

Yaqinda kichik o`g`lim Bobur bilan ro`zg`orga u-bu narsa olgani bozorga tushdik. Erta tong soat oltilar chamasi xuddi qushlarning chug`ur-chug`uri singari ayollarning baqir-chaqir ovozlari eshitilardi... Ho`l mevalarning bozori chaqqon. Ayniqsa, gilos, olcha, olxo`ri, o`rik olishga hamma oshiqadi.  

Ona-bola ikkimiz mevalarning ko`tara bozoriga kira turib bir joyda besh-olti nafar ayollarning baqir-chaqir qilib, bo`lar-bo`lmas gaplarni aytib  tortishayotganini ko`rdik. Ularning to`rttasi hijobda edi.  Tortishayotgan ayollarning o`rtasida 40-45 yoshlardagi qotmadan kelgan, yuzlari quyoshdan qoraygan kishi hali unisiga hali bunisiga termulgancha, qo`rqibgina turardi, aftidan u bozorga o`zi etishtirgan mahsulotini sotish uchun olib kelgan dehqon bo`lsa kerak.

Ha, u dehqon ekan,  sotish uchun gilos olib kelibdi. Urishayotgan ayollar esa uning gilosi ustida bir-birlari bilan jiqqamish bo`lib, bozorni boshiga ko`tarayotgan ekan. Mahsulotni etishtirgan kim-u, talashib-tortishayotgan kim!?  

Ularning og`zidan o`zbek ayollariga xos bo`lmagan, shu darajada qo`pol so`zlar chiqardiki, o`g`lim ham men ham uyalganimizdan tiqilinch bo`lsa-da, shosha-pisha u erdan tezroq uzoqlashishga harakat qildik. Shu asnoda dehqonga rahmim keldi. Tong otib ulgurmasdan to qora kechgacha mehnat qiladi-yu, mahsulotini sotishga kelganda qaysidir yulg`uch, noinsof aldab arzon narxga olib qo`yadi. “O`roqda yo`q, mashoqda yo`q, xirmonda hozir” deb, shuni aytsa kerakda.

Bechora dehqon boriga shukur qiladi. Shuning uchun ham oilasi tinch, topganida baraka bor, dasturxoni to`kin-sochin. Shukronalikni undan o`rganish kerak. Bozordagi “o`rtakashlar” esa bir kunda 100-200 ming topsa ham, noligani-noligan. Bundan-da yomoni, ularning ko`pchiligi o`zlarining asl basharasini yashirish uchun hijob o`rab olgan. Bu toifadagi ayollarni ko`zbo`yamachilar deb atasa to`g`ri bo`ladi. Chunki, ular o`zlarini insofli, diyonatli qilib ko`rsatish uchungina hijob o`ragan,xolos. Aslida esa, birovlarning haqqini eyishdan qo`rqmaydigan, ikkiyuzlamachi kishilardir ular. Buni o`zlari ham yaxshi biladi, faqatgina insonlarni aldash osonroq bo`lishi uchun bir parcha lattaga o`ranib olishgan.

Bozorni aylana turib, 60 yoshlardagi ayolning  yosh boladay ho`ngrab yig`lab yurganiga ko`zim tushdi. Ayolning o`pkasi to`lib, o`ksib-o`ksib yig`lardi. Hamma shoshgan, hech kim unga e`tibor beray demaydi. Onaxon esa battar yig`lashga tushadi.

Oxiri bo`lmadi, sabrim chidamadi, vijdonim qiynaldi. Unga yuzlanib, “nima gap, nega yig`layapsiz” so`radim. “Bozorga bor-yo`g`i ikki satilgina o`rik olib kelgandim, darvoza oldida hijob o`ragan bir ayol “keling ona, menga bering o`zim ichkariga olib kirib qo`yaman”, deb qo`limdan oldi-da, ichkariga kirib ketdi, uni topolmay qoldim. Endi nima qilaman” dedi o`ksib, ko`zlaridan duvullab yosh oqib.  

Onaxoning yig`laganicha bor ekan, uning bitta-yu bitta o`g`li kasal bo`lib qolibdi, doriga pul kerakligi uchun majburligidan bozorga o`rik olib chiqibdi. Ayolga pul bergandim olmadi. G`ururli ekan. Yig`lagancha bozordan chiqib ketdi... Bechora ona farzandi uchun nimalar qilmaydi! Hijob o`rab o`zini farishta qilib ko`rsatishga uringan, asl maqsadi boshqalarni aldash bo`lgan noinsof, firibgar, yulg`uch, niqobdagi olabo`jilar farzand qadrini qaerdan ham bilsin! Bo`lmasa bir bechora onani zor qaqshatib chuv tushirib ketarmidi...   

Hijobdagi ayollarning nojo`ya ishlari haqida ko`p eshitardim-u, e`tibor qilmasdim. Bekorga odamlarda ularga nisbatan nafratlanish hissi paydo bo`lmayotgan ekan. Hijobga o`rangan “farishta”larning asl basharisini o`z ko`zim bilan ko`rib,  bildimki, bugun ko`pchilik ayollar hijobdan niqob sifatida foydalanish yo`liga o`tibdi.

Shu qadar yuztuban ketgan ayollarga achinaman. Chunki ularning farzandlari, ayniqsa, qizlari va qizbola nevaralari ulardan nimani o`rganadi. Insoning qadr-qimmatini, iymon-etiqodini libos bilan  belgilashga odatlangan kishidan nimani kutish mumkin!?  Bu kabi ayollarni o`z farzandlari kelajagi qanday bo`lishi qiziqtirmaydimi?!  Insondagi iymon-e`tiqod darajasi bir parcha latta bilan belgilanmaydi, avvalo, har kim o`ziga to`g`ri, ko`ngli toza bo`lishi lozim.

Yurish-turishda,  muomilada, kiyinishda ham avvalo  o`zbek ayoli ekanligimizni unutmaylik! Qizlarimizga ham shunday tarbiya beraylikki, duch kelgan da`vatlarga uchib, ko`r-ko`rona hijobga o`ranib olmasin.   

 

Qutbiniso aya Ibrohimova,

Toshkent shahri

 

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!