2016 yilning 6 oyi davomida mansabdor shaxslarga nisbatan 250 dan ortiq jinoyat ishi qo`zg`atildi

14:07, 19 iyul

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan manfaatdor vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlik sub`ektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida videokonferensiya bo`lib o`tdi.

Prokuratura organlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqiy himoyasini ta`minlash, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada 2015 yil va 2016 yilning 6 oyi davomida o`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat va boshqa davlat organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan 12 mingdan ortiq qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, 1 ming 200 dan ortiq mansabdor shaxs ma`muriy yoki intizomiy javobgarlikka tortildi, 250 dan ortiq jinoyat ishi qo`zg`atildi. Buning natijasida 9 ming 350 tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, deya xabar beradi O`zA.

Videokonferensiya davomida mamlakatimizda keyingi yillar davomida qabul qilingan tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlovchi qonun hujjatlari, shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 sentyabrdagi «Tadbirkorlik sub`ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, yuqoridagi qarorga asosan 194 «yagona darcha» markazlari faoliyati yo`lga qo`yilib, ularda tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlarini ko`rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. «Yagona darcha» markazlari orqali 16 turdagi davlat xizmatlari ko`rsatiladi.

Ta`kidlanganidek, Bosh prokuraturada murojaatlarni tunu kun telefon orqali qabul qilish markazi tashkil etilgan bo`lib, 34 vazirlik va idora bilan to`g`ridan to`g`ri aloqa o`rnatilgan. Murojaatlarning ko`rib chiqilishi ustidan elektron nazorat tizimi joriy qilingan.

Markazning o`tgan davrdagi faoliyati davomida qabul qilingan murojaatlarning 64 mingdan ortig`i hal etilib, natijasi bo`yicha 330  noqonuniy qarorga nisbatan protestlar keltirildi, qonunbuzilishlar va ularning sabablarini bartaraf etish haqida 364 taqdimnoma hamda sudlarga 23,4 milliard so`mni undirish yuzasidan da`vo arizalari kiritildi. Qonunbuzilishlarga yo`l qo`ygan 886 shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi, qo`pol qonunbuzilishi holatlari bo`yicha 402 jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!