Shavkat Mirziyoev Rog`un GESini qurish bo`yicha imzolangan kelishuv yuzasidan Tojikiston hukumatiga maktub yo`lladi

14:04, 20 iyul

1 iyul kuni bir qator mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarida “Rog`un GESi” OAJ va Italiyaning “Salini Impregilo S.p.A” kompaniyasi o`rtasida Rog`un GES qurilishi bo`yicha kelishuv imzolangani haqida xabarlar tarqaldi. 

2016 yilning 19 iyul kuni Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodaga quyidagi mazmundagi maktub jo`natilgan

Maktubda shunday deyiladi:

«Matbuotda chop etilgan ma`lumotlarga ko`ra, Tojikiston Respublikasi hukumati Italiyaning «Salini Impregilo» kompaniyasi bilan Rog`un GESi qurilishi loyihasini amalga oshirish maqsadida  bitim imzolagan. 

Shu munosabat bilan yana bir Sizning e`tiboringizni ayrim jihatlarga qaratishni zarur deb hisoblaymiz.

Avvalo, mazkur qurilish maydonida amalga oshirilgan bir qator izlanishlar, birinchi navbatda  Jahon Banki shafeligida o`tkazilgan xalqaro kompleks ekspertiza Rog`un GESining qurilishi Markaziy osiyo mintaqasi uchun ulkan hajmdagi xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligini isbotlagan. 

O`zbekiston Bosh vazirining maktubida ko`rsatib o`tilganidek, bu borada qo`shni mamlakatlarning rahbarlari va ekspertlari bir necha Tojikiston hukumatiga o`z fikr va mulohazalarini, xulosalarini ma`lum qilishgan. 

Aynan shu sabablarga ko`ra, mazkur loyihaning yirik miqyosdagi texnogen, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini anglagan holda, Jahon banki Rog`un GESi qurilishini moliyalashtirishdan voz kechgan edi. 

Yana va yana eslatishga to`g`ri keladiki, Rog`un GESining qayta tiklangan  qurilish loyihasi o`tgan asrning 70-yillarida, hoyu hashamga, salobatga  ruju qo`yilgan  sho`ro davrida ishlab chiqarilgan. Mazkur loyiha bugungi kundagi talab va tajrpibalardan kelib chiqqan holda, qat`iyan qayta ko`rib chiqilishi lozim. 

Dunyoda muqobili yo`q, 335 metr balandlikdagi to`g`onga ega bo`lgan ulkan GES loyihasini tiklash  uchun qurilish maydoni sifatida Rixter shkalasi bo`yicha 9-10 balli zilzilalar yuz berib turadigan ushbu tog`li hududning tanlanishi jiddiy shubha va gumonlarni tug`dirishi mumkinligini qayd etishga hojat ham bo`lmasa kerak  deyiladi maktubda. 

Shuningdek, mazkur ob`ekt qurilishining umumiy smeta qiymati 3,9 milliard AQSh miqdorida belgilanishi ham bir muncha tushunarsiz. Zero, mazkur loyiha xarajatlari ko`rsatilgan mablag`dan ancha  oshib ketishi ortiqcha izohga muhtoj emas. Qolaversa, loyihani hujjatlashtirish ishlari to`la-to`kis yakuniga etkazilmagan, nufuzli ekspertlar tomonidan bildirilgan jiddiy e`tirozlar ham e`tiborga olinmagan. 

Tojikiston hukumatining Rog`un GESi qurilishini har qanday vaziyatda ham davom ettirishga qat`iyat bilan intilishi, tavakkalga asoslangan qaror va  sa`y-harakatlari  natijasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan xavf-xatar hamda tuzatib bo`lmas salbiy oqibatlar jiddiy tashvish va xavotir uyg`otmasligi mumkin emas.

Tojikiston hukumati mamlakatni elektr energiyasi bilan ta`minlashdek murakkab muammoni kichik va o`rta hajmlagi GESlar qurish yordamida hal eta oladi, deb hisoblashimizga barcha asoslar etardi. Chunki, Tojikiston hududida buning uchun juda ko`p daryolar va suv resurslari mavjud. 

Bizga ma`lumki, Tojikistonda mazkur istiqbolli dasturlardan allaqachon amalda foydalanib kelinmoqda deyiladi qo`shni mamlakat Bosh vaziriga yo`llangan maktubda.

Eslatib o`tamiz: Bir necha yildirki, Tojikiston hukumati sobiq tuzum yillarida ishlab chiqilgan Rog`un GESi qurilishi loyihasini qayta tiklashga harakat qilib kelmoqda. 27 iyun kuni mazkur loyihani amalga oshirish uchun o`tkazilgan xalqaro tenterda Italiyaning «Salini Impregilo S.p.A» kompaniyasi g`olib chiqqan. Shu munosabat bilan Dushanbeda ushbu kompaniya bilan qiymati 3,9 mlrd AQSh dollariga teng bitim imzolangan.» 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!