San`atkorlarimiz nimalardan qo`rqishadi?

11:26, 21 iyul

“Fobiya” yunonchadan o`zbek tiliga o`girilganda, miyaga o`rnashib qolgan, nazorat qilib bo`lmaydigan qo`rquv degan ma`noni anglatadi. Shuningdek hech bir sababsiz biror narsa yoki jonivorga nisbatan nafrat, uni qabul qila olmaslik hissi ham “fobiya” deb yuritiladi. 

Kimdir suvdan, kimdir balandlikdan qo`rqadi. Quyida xonandalar Guli Asalxo`jaeva, Hosila Rahimova va aktyor Rixsitilla Abdullaevlar nimalardan qo`rqishini “Bekajon” gazetasi bilan o`rtoqlashdi.

Guli Asalxo`jaeva: “ Qadimgilar “suv balosidan, o`t balosidan o`zing asra!” deb bekorga aytishmagan. Dengizda, kemada yurishga yuragim yo`q. Bepoyon, tubsiz suv asablarimni zo`riqtiradi. Uni ko`rib, o`zimni boshqarolmay qolaman. Ummonni ko`rishim bilan nafasim qaytib, quloqlarimga guvillab suv kirganini his qilaman. Shu bois, “Titanik” filmini oxirigacha ko`rolmayman. Unda suv bilan bog`liq hayajonli, qo`rqinchli sahnalar juda ko`p. Kinoijodkorlar filmni qanday suratga olishgan, hayronman”.

Hosila Rahimova: “Suvaraklarni ko`rgani ko`zim yo`q. Uni ko`rishim bilan ular tanamda yurganday etim jimirlab ketadi. Bunga sabab, bolaligimda suvaraklar bilan bog`liq noxush voqea bo`lgan. O`shanda men 11-12 yoshli qizcha edim. “Navnihol” folklor dastasi bilan konsert bergani qishloqlardan biriga borgan edik. Birpas dala shiyponida o`tirdik. Keyin konsert boshlandi. Bizga navbat kelib, sahnaga chiqdik. Shunda qo`shiq aytayotib, ichimda bir nima g`imirlaganini sezib qoldim. G`ashim kelganidan tomoshabinlarga bildirmay, ko`ylagimni tortib ko`rdim, urib ko`rdim, befoyda. Oxiri chiday olmadim. Qo`shiqni bazo`r tugatib, dastadagi qizlar ta`zim qilayotgan paytda pana joyga o`tib, ko`ylagimni qoqqanimni bilaman, ichimdan ikki-uchta suvaraklar tushsa bo`ladimi? O`takam yorilib, qichqirib yuborganman. Shu-shu haligacha suvarakni ko`rsam, seskanib ketaman, ular ichimda o`rmalayotganday tuyuladi. Shuning uchun har bahor va kuz oylarida SES xodimlarini chaqirib, uyimizni suvaraklarga qarshi dorilatamiz. Bu bizning oilada odatga aylangan”.

Rixsitilla Abdullaev: “Samolyotda uchadigan bo`lsam, albatta o`zim bilan asablarni tinchlantiruvchi dorilarni olaman. Aslida ham samolyotda uchishdan oldin tinchlantiruvchi dori ichish tavsiya etiladi. Chet ellik kinoijodkorlar samolyot halokati bilan bog`liq filmlar ishlashni yoqtirishadi. Triller janrida yaratilgan bunday filmlar odamni vahimaga solib qo`yadi. Kinolarda samolyotlar portlab ketadi, qulaydi, izsiz g`oyib bo`ladi. Bunday filmlarni ko`rsatishning nima keragi bor? Yana televizor orqali kun-kunora biror samolyot qulagani haqida xabar beriladi. “Shuni televizor orqali ko`rsatish shartmikan?” deb o`ylayman. Bu narsalar odamni battar vahimaga soladi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!