Farzandlarini yolg`iz katta qilayotgan 5 mashhur ota

14:49, 21 iyul

Bugungi maqolamiz qahramonlarining ba`zilari o`z xohishlari bilan yolg`iz ota bo`lishdek qismatni tanlagan bo`lsa, ba`zilari esa fojiali vaziyatlar, rafiqasining vafoti yoki ajralishlar tufayli yolg`iz bola tarbiyalashga majbur bo`lgan, deydi “Deti.mail.ru” nashri . 

Nima bo`lgan taqdirda ham bu otalar o`z taqdirlaridan norozi emas. Qo`llaridan kelgancha, farzandlarining baxtli bo`lishi uchun harakat qilishmoqda.

Filipp Kirkorov: qiz va o`g`il

49 yoshli Filipp Kirkorov farzandlarini yolg`iz katta qilayotgani hech kimga sir emas. Xonandaning qizi Alla-Viktoriya 2011 yilning 26 noyabrida tavallud topgan bo`lsa, o`g`li Martin esa 2012 yilning 29 iyunida surrogat onadan dunyoga kelgan. Filipp Kirokorov farzandlarini juda erkalatishini hech kimdan yashirmaydi. Ularning tug`ilgan kunlarini tantanali ravishda nishonlaydi. Gastrol safarlariga ketganda ham doimo ular bilan aloqada bo`ladi. 

Dmitriy Shepelev: o`g`il

Bu mashhur yolg`iz ota so`nggi paytlarda ommaning e`tiborida bo`lib kelmoqda. Rafiqasi, xonanda Janna Friskening o`limidan keyin u o`g`li Platon bilan yolg`iz qoldi. Platon otasi va Friskelar oilasi o`rtasida talash bo`ldi. Jannaning ota-onasi Dmitriyni nevarasini ko`rsatmayotganlikda ayblagan bo`lsa, o`z navbatida mashhur teleboshlovchi Dmitriy Shepelev Jannaning otasi unga tahdid qilayotganini ma`lum qilgan. Janjallarga qaramay, Platonning otasi o`g`lini yolg`iz bo`lsa-da, farovon hayot kechirishi uchun tinim bilmay mehnat qilmoqda. U har kuni Platonga onasi haqida, uning odatlari, sevimli joylari haqida gapirib beradi. “ O`g`lim onasi borligini, u yonidaligini, hech qachon tashlab ketmaganligini bilishini istayman”, deydi Dmitriy Shepelev.

Evgeniy Kafelnikov: qiz

2000 yilning boshida barcha OAVlarda mashhur tennischi va sobiq fotomodel Mariya Tishkovaning ajrashayotganligi haqidagi xabar qizg`in muhokama etilgandi. Tennischi o`sha paytda uch yoshda bo`lgan qizi Alesyani o`z qaramog`ida olib qolishga erishgan. U bunday qat`iy qarorga kelgani sababini oshkor etmagan, chunki sportchi shaxsiy hayoti haqida gapirishni yoqtirmaydi. Rossiyada ajrashuv jarayonida aksariyat hollarda bola onada qoldirilishini hisobga oladigan bo`lsak, bu jarayonda Evgeniy Kafelnikovning muvaffaqiyatga erishishi oson bo`lmaganligini payqash qiyin emas. Natijada Mariya Tishkovaning o`zi qizini otasida qoldirishga rozi bo`lgan. Hozir Alesya 17 yoshga to`lgan, modellik biznesiga qiziqadi. Bu borada otasi undan yordamini ayamaydi. 

Krishtianu Ronaldu: o`g`il

2010 yilda mashhur futbolchi o`g`il farzandli bo`lganligi haqidagi xabari bilan barcha muxlislarini hayratga soldi. Chunki o`sha paytda u bilan uchrashib yurgan Irina Sheykning homilador emasligi hammaga ma`lum edi. Hozirgacha bolaning onasi kimligi noma`lum va jumboq bo`lib qolmoqda. Avvaliga bolaning onasi Los-Anjeleslik oddiy ofisiant ayol deyilgan bo`lsa, keyinchalik uni surrogat ona dunyoga keltirgan degan mish-mishlar bolaladi. Nima bo`lgan taqdirda ham Ronaldu bolani yolg`iz katta qilishga qaror qilganini bildirdi va shu kunga qadar  buni muvaffaqiyatli ravishda eplab kelmoqda. U o`g`liga ham Krishtianu degan ism qo`ygan. 

Kolin Farrell: ikki o`g`il

40 yoshli aktyor Kolin Farrell Jeyms Patreyga va Genri Tadeush ismli ikki o`g`ilning mehribon otasidir. Bolalar Kolin Farrell ajrashib ketgan ikki ayoldan tug`ilgan. Aktyor hayotida farzandlaridan muhimroq odamlar yo`qligini ta`kidlashdan charchamaydi. 

Aktyorning to`ng`ich farzandi Jeyms Angelman sindromidan aziyat chekadi. Bu kam uchraydigan neyrogenetik buzilish kasalligi bo`lib, bola rivojlanishdan orqada qoladi, bo`lar-bo`lmasga kulaveradi, yaxshi uxlamaydi, ba`zan tutqanog`i tutib qoladi. Shunga qaramay, Kolin farzandining tuzalib ketishi uchun qo`lidan kelguncha harakat qilmoqda. Aktyorning aytishicha, ota bo`lish uning hayotini tubdan o`zgartirgan. Farzandlarining kamolini ko`rish uchun uzoq yashashga, sog`ligini asrashga intilmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!