Oloy bozori qarshisida qiymati 10 ming evroli zamonaviy bekat qurildi(FOTO)

16:47, 21 iyul

Chorshanba kuni Toshkent markazidagi Oloy bozori qarshisida mobil telefonlari uchun quvvatlash qurilmalari va qo`llarni antibakteriologik tozalash uchun jihozlar bilan ta`minlangan bekat ochildi.

JCDecaux UZ va Bravo Pharma kompaniyalari bilan hamkorlikda bunyod etilgan bekat to`rtta qismdan tashkil topgan bo`lib, ularning har biri o`rindiqlar bilan bir qatorda telefon va smartfonlar uchun olti nuqtada quvvatlash qurilmalari (USB-portlarni o`z ichiga olgan jami 24 ta), yo`lovchi transporti yo`nalishlari xaritasi va antibakterial gel yordamida qo`llarni tozalash uchun uskuna bilan jihozlangan, deb xabar beradi “Gazeta.uz” nashri. 

Qo`llarni tozalash uskunasini bekatga o`rnatish g`oyasini Bravo Pharma bosh direktori Rakesh Pandey taklif etdi.

Bravo Pharma bosh direktori Rakesh Pandey va JCDecaux UZ tijorat direktori Sanjar Yuldashev.

Bekatlarning yon panellari yo`lovchilar uchun xavfsiz 10 mm qalinlikdagi maxsus ishlov berilgan oynadan yig`ilgan bo`lsa, metall tirgaklar mashina zarbasini qaytara oladi. Bir necha kun muqaddam Nukus ko`chasida JCDecaux UZ bekatlaridan biriga avtotransport kelib urilishi bilan bog`liq hodisada tirgaklar zarbaga dosh berdi va bekatdagi yo`lovchilardan hech kimga ziyon etmadi.

«Bekatlarimiz dizayni Fransiyada Norman Foster tomonidan ishlab chiqilgan, — deydi JCDecaux UZ QK moliyaviy direktori Olga Akbarova. — Mazkur dizayn Toshkent hokimiyati tomonidan poytaxt ko`chalariga o`rnatish uchun tasdiqlandi. 200 ta shu kabi inshootga shartnoma tuzilgan». Bitta bekatning qiymati 10 ming evrodan oshadi, Toshkentda ular soni to`rtta yangisini qo`shib hisoblaganda 196 taga etdi.

Bekatlarga JCDecaux UZ xodimlari xizmat ko`rsatadi. Ular har kuni bekatlar oynalarini tozalab, shikastlangan qismlarini almashtirishadi. Ayrim hollarda johilliklarga yo`l qo`yilayotgani sababli ba`zi bekatlarga jamoat mulkini asrashga chaqiruvchi e`lonlar yopishtirildi.

Mazkur loyiha o`z nihoyasiga etganidan so`ng JCDecaux UZ bekatlar bo`yicha yangisini boshlashi ma`lum qilindi.

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!