“PROlogue” – yosh kino ijodkorlar II Respublika festivali start oldi

15:41, 22 iyul

“O`zbekkino” Milliy agentligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamkorlikda  “PROlogue” – yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar II Respublika festivali boshlanganligini e`lon qiladi. 

Festival bu yil ikkinchi marotaba tashkillashtirilmoqda, deya xabar beradi “O`zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati.

Festivalda 35 yoshgacha bo`lgan professional va havaskor kinoijodkorlar – O`zbekiston Respublikasi rezidentlari qisqa metrajli badiiy va badiiy shakldagi hujjatli filmlari bilan ishtirok etishlari mumkin. Unda qatnashish bepul.

Festival talabiga muvofiq, festivalga taqdim etilgan qisqa metrajli badiiy filmning umumiy vaqti 30 daqiqadan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, film so`nggi 2 yil mobaynida suratga olingan hamda mazkur festivalda avval ishtirok etmagan bo`lishi lozim.

Taqdim etilgan asarlarning yangiligi, g`oyaning ijtimoiy muhimligi, ijodiy yondashuvning originalligi, badiiy ta`sirchanligi, vizual qatlam va qahramonlar konsepsiyasining o`ziga xosligi, rejissyor va operator mahorati, aktyorlarning ijrosi, shuningdek, Davlat tilida bo`lishi yoki Davlat tili subtitrlarda berilishi Festivalda qatnashish huquqini ta`minlash mezoni hisoblanadi.

Festivalda ishtirok etish uchun arizalar 1 oktyabrga qadar taqdim etilishi shart. Arizalar o`rganilib, 20 oktyabrgacha saralanadi hamda ushbu ko`rik dasturiga kiritilgan  qisqa metrajli filmlar  16-20 noyabr kunlari namoyish qilinadi.  

G`oliblar aniqlangach, 21 noyabrda ularni tantanali taqdirlash marosimi o`tkaziladi. Ular maxsus sovrinlar va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!