Germaniyaning Ansbax shahridagi restoranlardan birida terakt yuz berdi

10:06, 25 iyul

24 iyul kuni mahalliy vaqt bilan 22.00 da Germaniyaning Ansbax shahridagi Eugens Weinstube restorani yonida portlash yuz berdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri. 

Portlash oqibatida bir kishi halok bo`ldi, 12 kishi yaralandi. Restorandan uzoq bo`lmagan joyda uch kunlik musiqa festivali o`tkazilayotgan edi. Teraktdan keyin festival to`xtatilib, ikki mingdan ortiq odam evakuasiya qilindi.

Yakshanba kuni shahar oberburgomistri Kard Zaydel restoran oldida portlovchi qurilma ishga tushganini, Bavariya IIV esa portlash qasddan sodir etilganini ma`lum qildi. Kriminalistlar ishga tushib, portlash xudkush yordamida amalga oshirilganini aniqladi.

Olib borilgan tezkor ishlar natijasida portlashni voqea joyida halok bo`lgan suriyalik 27 yoshli yigit amalga oshirgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda 25 iyul kuni Bavariya federal erlari ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerrmann Reuters'ga xabar berdi.   

IIV rahbariyati terakt amalga oshirilganiga ishonch bildirdi, chunki voqea joyidan halok bo`lgan yigitning mobil telefoni topilgan. U huquqni muhofaza qilish idorasi xodimlariga topshirilgan.

Xerrmannning so`zlariga ko`ra, suriyalik yigit bundan ikki yil ilgari Germaniyaga kelib, boshpana berish haqida iltimos qilgan. Ammo bundan bir yil ilgari uning iltimosi rad etilgan, deb xabar qiladi TASS.

Nordbayern.de portalining ma`lum qilishicha, ryukzak osib olgan yigit musiqa festivali o`tayotgan joyga kirmoqchi bo`lgan, ammo xavfsizlik xizmati xodimlarining odamlarni tekshirib o`tkazayotganini ko`rib, orqaga burilib, restoran tomonga ketgan.

Reuters'ning xabar berishicha, yigit polisiya xodimlariga yaxshi tanish bo`lgan, u ilgari ikki marotaba joniga qasd qilishga harakat qilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!