Samvel Babayan: Milliy terma jamoa uchun tarkibni murabbiylar shtabi aniqlaydi

10:15, 25 iyul

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Iroq terma jamoasiga qarshi (2:1) kechgan o`rtoqlik o`yinidan so`ng o`tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, o`yin haqida va alohida futbolchilar haqida to`xtalib o`tdi.

“Iroq terma jamoasiga qarshi o`yin orqali juda ko`p pozisiyalarda yangi o`yinchilarni sinovdan o`tkazdik. Bugun, himoya markazida ikki nafar yangi futbolchi maydonga tushdi. Umuman, ularning bugungi o`yinidan qoniqish hosil qildik, ammo, o`yin yakunida baribir himoyachilarda qandaydir bosim ko`zga tashlandi. Afsuski, markaziy himoya chizig`i doim biz uchun muammoli pozisiya bo`lib kelgan. Ularni imkon qadar bartaraf etishga harakat qilamiz.

Avstriyadagi yig`inda futbolchilarning harakatlaridan ko`nglim to`lgan edi. Avstriyada o`tkazgan o`rtoqlik uchrashuvlarida biroz tezroq harakat qilgan va pressingni ham yaxshi ushlagan edik. Bugun ham birinchi bo`limda raqibga deyarli imkon bermadik, ammo ikkinchi bo`limda biroz konsentrasiyani yo`qotdik va buning oqibatida raqibda hujum qilish imkoniyatlari ko`paydi.  Terma jamoa tarkibini murabbiylar shtabi aniqlaydi. Bugungi tarkib optimal emas, ammo ular bizning hozirgi qarashlarimiz va o`lchovlarimizga to`g`ri keladi. Ular o`z ishini professional tarzda bajarmoqdalar.

Tarkibdan o`rin olish uchun har bir o`zbekistonlik futbolchida imkon bor. Biz ularning pasportiga yoki qaysi klubda o`ynashiga e`tibor qaratmaymiz. Shunchaki, bizning prinsiplarga mos kelishi talab etiladi. Temurxo`ja Abduholiqov ham terma jamoaga nomzod futbolchi hisoblanadi. Ammo, bugungi kunda u ba`zi prinsip va qarashlarimizga to`g`ri kelmayotgani bois tarkibga jalb etilmayapti”, - dedi milliy terma jamoa bosh murabbiyi” - dedi Camvel Babayan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!